Prezident Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan 182 nafar shaxsni afv etdi

21:08 07 Dekabr 2021 Hujjatlar
2988 0

Arxiv surat

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligi munosabati bilan davlatimiz tomonidan olib borilayotgan gumanistik siyosatning amaliy tasdigʻi sifatida “Ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi Farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalarida jazo oʻtayotgan hamda qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 182 nafar shaxs afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 3 nafari asosiy jazodan toʻliq ozod etildi, 108 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 8 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 63 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Afv etilganlarning 6 nafarini chet el fuqarolari, 6 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 9 nafarini ayol hamda 25 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bagʻriga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shugʻullanishlari, sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyib, jamiyatda munosib oʻrin topishlari uchun ularga koʻmak berish boʻyicha masʼul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?