Prezident poytaxtning drenaj tizimi ishiga qatʻiy eʻtiroz bildirdi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident "Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishida Toshkent shahridagi holatga alohida toʻxtaldi.
Poytaxtning drenaj tizimi ishiga qatʼiy eʼtiroz bildirildi, kuni kecha boʻlgan kuchli yomgʻir haqiqiy ahvolni koʻrsatgani qayd etildi.
Drenajni toʻgʻirlashni oʻzi yetarli emasligi, suvni havzalarda toʻplash tizimini qilib, daraxtlarni sugʻorishga ishlatish maqsadga muvofiq ekani taʼkidlandi.
Umuman, poytaxtdagi tuman hokimlari joyiga chiqib, drenaj, yashillik, obodonlashtirish kabi masalalarni tepasida turib oʻzi hal qilishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.
Bundan tashqari, poytaxtda daraxtlarning kasallanishi ham koʻpaygani qayd etildi.
Shahar hokimligiga yil yakunigacha master-reja qilib, drenaj tizimini sunʼiy havzalar bilan birga qurish boʻyicha dastur ishlab chiqish topshirildi.
Prezident keyingi yilda “Yashil makon” dasturi uchun 100 milliard soʻm ajratilishini eʼlon qildi.
Endilikda daraxtlarni 3 yil parvarishlash, kasallikdan saqlash, sugʻorish xarajatlari ham investitsiya dasturiga kiritiladi.
Sugʻorish tizimi boʻyicha 2 ta tajriba amalga oshiriladi. Xususan, 27 ta tumanda sugʻorish tizimi yaratish uchun 1 tadan quduq qazishga ruxsat beriladi. Gʻallaorol tumanidagi togʻlarda qor-yomgʻir suvini yigʻuvchi 10 ta geo-membrana oʻrnatilib, daraxtlarni sugʻorish tizimi yaratiladi. Bahorda 14 ta tumanning togʻ va adir qiyaliklarida qavat-qavat qilib, terrasa usulida 500 gektarda daraxt ekish boshlanadi.
Viloyat hokimliklariga “Mening bogʻim” loyihasi boʻyicha yashil bogʻ yaratishga kamida 1 gektar, yashil jamoat parki uchun yarim gektardan yer ajratish topshirildi.
Bu maydonlar ekish mavsumigacha “Ochiq byudjet” portaliga qoʻyilib, daraxt turlari boʻyicha tavsiya va ularning narxi koʻrsatiladi. Bunda, parvarishlashda masʼuliyatsizlik qilgan shaxslarni mobil ilova orqali ogohlantirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Hokimlarga barcha obodonlashtirish boʻlimlarini 20 tadan sugʻorish mini-texnikasi bilan taʼminlash topshirildi.
Soʻnggi vaqtlarda yurtimizda chang boʻronlari tez-tez sodir boʻlayotgani qayd etildi.
Bunga global iqlim oʻzgarishi bilan birga noqonuniy daraxt kesilishi, suv kamayishi, tartibsiz chorva boqilishi oqibatida choʻl yaylovlari degradatsiyaga uchrayotgani ham sabab boʻlmoqda. Choʻllardagi oʻsimliklar turlari ham keskin kamaygan.
Davlatimiz rahbari aholi koʻpayib borayotgan sharoitda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha eng katta zaxiramiz – yaylovlar ekaniga eʼtibor qaratdi. Shu bois, yaylovlardan foydalanishga ehtiyoj yildan-yilga koʻpayib borayotgani taʼkidlandi.
Endilikda 16 million gektar yaylov yerlarini boshqarish Veterinariya qoʻmitasiga oʻtkazilishi belgilandi.
Qoʻmitaga yil yakunigacha choʻllarni degradatsiyadan chiqarish boʻyicha uch yillik dastur tayyorlash topshirildi. Kelgusi yilda bu maqsadlar uchun dastlab 50 million dollar grant mablagʻlari jalb etiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring