Prezident: Issiqxonalar bu – oziq-ovqat xavfsizligi, iqtisodiy xavfsizlik masalasi hisoblanadi

Foto: Prezident matbuot xizmati
Bugungi kunda respublikada 5,1 ming gektar issiqxonalar mavjud boʻlib, soʻnggi yetti yilda ularda yetishtiriladigan mahsulot hajmi 110 ming tonnadan 546 ming tonnaga koʻpaygan. Bu haqda Prezident raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida maʼlum qilindi.
Lekin, tadbirkorlar kredit ogʻirligi, oʻgʻit narxi qimmatligi, uzluksiz gaz taʼminoti yoʻqligini aytmoqda. Masalan, 600 gektardan ortiq maydondagi issiqxona faoliyatini toʻxtatgan, 128 gektari qarzdorlik sababli bank balansiga oʻtgan.
Shu bois issiqxona xoʻjaliklari qoʻllab-quvvatlanadi. Endilikda:
- ichki bozor bilan bir qatorda eksportga ham mahsulot yetishtirish majburiyatini olgan, tabiiy gazda ishlayotgan issiqxonalarga qishki mavsumda gaz kafolatli hajmda beriladi;
- koʻmir yoki boshqa muqobil isitish tizimida ishlayotgan hamda eksport majburiyatini olgan issiqxonalarga ham tabiiy gazga qaytish imkoni beriladi;
- aylanma mablagʻ yetarli boʻlishi uchun oldindan toʻlov oktyabr mart oylariga 50 foiz qilib belgilanadi. Bunda, issiqxonalar gaz korxonalari bilan 1-oktyabrgacha shartnoma imzolaydi;
- tabiiy gazdan koʻmir yoki boshqa muqobil isitish tizimiga oʻtgan issiqxonalarga ajratilgan kredit muddati uzaytirib beriladi;
- issiqlik nasoslari texnologiyalarida ishlaydigan issiqxona tashkil qilganlarga xarajatlarning 20 foizgacha qismi, bu ishlar kredit hisobidan boʻlsa, kredit stavkasini 4 foizi qoplab beriladi.
Bundan buyon issiqxonalar, toifasidan qatʼi nazar, yer soligʻini qishloq xoʻjaligi yerlari stavkasida toʻlashi belgilandi. 2028-yilga qadar issiqxona ishchilari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizga tushiriladi.
Soliq qoʻmitasiga butun tizimi, tahliliy va aql markazlarini safarbar etib, issiqxonalardan qisqartirilgan gaz qaysi sohalarga yoʻnaltirilgani va ularning samaradorligini oʻrganish, agar gaz berilgan boshqa sohalarda qoʻshilgan qiymat kam boʻlsa, gazni issiqxonalarga yoʻnaltirish topshirildi.
Ekologik vaziyatni hisobga olgan holda, Toshkent viloyatidagi issiqxonalar faoliyatining havo sifatiga salbiy taʼsiri bilan bogʻliq muammolarni uzil-kesil hal qilish vazifasi qoʻyildi.
“Barcha eshitib olsin: issiqxonalar bu – oziq-ovqat xavfsizligi, iqtisodiy xavfsizlik masalasi hisoblanadi”, dedi Prezident.
Tegishli idoralarga sohada qatʼiy nazorat oʻrnatish topshirildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring