Prezident iltimosiga “yoʻq” deya olmagan “qariya”

19:55 28 Yanvar 2021 Sport
2369 0

U jahon futbolidagi noyob shaxs sanaladi. Toʻliq ism-sharifi Alber Roje Moo Miller. Ammo tugʻilganlik guvohnomasidagi xatolik sabab familiyasi Milla boʻlib ketgan. Roje ayni navqiron paytida emas, balki “millionlar oʻyini” uchun ancha katta yoshda, aniqrogʻi, 38 ga toʻlganida shon-shuhrat choʻqqisiga chiqqan. “Jodugar qariya” degan laqab olishi ham shundan.

Milla Kamerunda temiryoʻlchi oilasida tugʻilgan. Xonadonda toʻrt farzand voyaga yetayotgandi. Otasi kasbi sabab oilasi bilan bir joydan ikkinchisiga koʻchib yurardi. Lekin Roje qayerda boʻlmasin futbol oʻynash imkonini topardi. Toʻp bilan ajoyib muomala qilgani uchun bolaligidayoq uni Pele deb chaqirishardi.

13 yoshga toʻlganida Rojeni Duala shahrining “Ekler” jamoasiga qabul qilishdi. Besh mavsumdan soʻng «Leopards» klubiga oʻtib, Kamerun chempioni boʻldi. Keyin «Tonnere» jamoasi safiga borib qoʻshildi.

1976-yilda Millani Afrika qitʼasining eng kuchli futbolchisi deb topishdi. Qizigʻi, bu paytda u hali Kamerun terma jamoasida bitta ham oʻyin oʻtkazmagandi. "Tonnere" klubi bilan Afrika qitʼasi kubok egalari kubogida gʻolib chiqqani unga shunday eʼtirof olib keldi.

Odatda, afrikalik futbolchilar Yevropa klublaridan taklif tushishini kutib yashashadi. Qahramonimiz ham ana shunday orzular ogʻushida edi. Nihoyat, Fransiyaning «Valansyen» klubidan taklif oldi. Biroq hujumchi kutganidek boʻlib chiqmadi. Zaxira oʻrindigʻi oʻyinchisiga aylandi. “Monako” klubiga oʻtgach, vaziyat oʻnglangandek boʻldi.Maydonga tusha boshlagan ham ediki, jarohat oldi. 1980-yilda “Bastiya” jamoasi aʼzosiga aylandi. Ammo vaziyat u qadar oʻzgarmadi. Boz ustiga fransuz gazetalari Afrikaning 1976-yilgi eng kuchli futbolchisini mashgʻulotlarda astoydil ishlamasligi, vaqt- vaqti bilan vatani Kamerunga juftakni rostlab qolishi haqida yozishni kanda qilishmadi. Oqibatda fransuz futbolida Roje toʻgʻrisida notoʻgʻri tasavvurlar paydo boʻldi. Faqatgina ikkinchi divizionda oʻynayotgan "Sent-Etyen" safiga oʻtgachgina uning ishlari baroridan kela boshladi. Bu jamoa safida 31 oʻyinda 22 ta gol kiritdi. Keyin «Monpelye» jamoasiga oʻtib mazmunli oʻyin namoyish etdi.

Roje Millaning Kamerun terma jamoasi safidagi faoliyati butkul oʻzgacha kechdi.1982-yilda Ispaniyada boʻlib oʻtgan jahon chempionatida uchta uchrashuvda maydonga tushdi. 1984 va 1986-yillarda Afrika chempioni boʻldi. Fransiyada u oʻz imkoniyatlarini yuzaga chiqara olmay turgan pallada oʻz vatanida superyulduzga aylanib ulgurgandi. Quyidagi dalil buning yaqqol isboti: 1987-yilda Roje Milla terma jamoadagi faoliyatini yakunlashi haqida eʼlon qiladi. Shunda uning terma komandadagi xayrlashuv matchini koʻrish uchun stadionga 110 ming tomoshabin keladi.

Katta futboldagi faoliyatini yakunlagan 37 yoshli Roje Milla Fransiyada yashayotgan edi. Lekin 1990-yilgi jahon chempionati boshlanishiga yaqin vaqt qolgan pallada toʻsatdan uning uyiga qoʻngʻiroq boʻldi. Goʻshakni koʻtargan edi, “Siz bilan Kamerun Prezidenti gaplashmoqchi” degan ovoz keldi. Mamlakat Prezidenti telefondagi suhbat chogʻida “Sizdan terma jamoaga qaytishingizni, jahon chempionatida qatnashishingizni oʻtinib soʻrayman”, dedi.

Davlat rahbariga “Yoʻq”, deb boʻlarkanmi?! Roje rozi boʻldi. Lekin mundialga shunchaki qatnashish emas, borganga yarasha munosib oʻyin namoyish etish kerak edi. Futbol bilan amalda xayrlashib boʻlgan Milla bu vazifani ortigʻi bilan uddaladi. Oʻzining tezkorligi, ajoyib aldamchi harakatlari, maydonni yaxshi koʻra olishi va aniq zarbalari bilan barchani hayratga soldi. Hatto bu oʻziga xos hujumchining yoshi salkam qirqdaligiga ishonmaganlar ham boʻldi.

Italiyada boʻlib oʻtgan bu jahon chempionatida Milla toʻrtta gol kiritdi. U har bir golini burchak toʻpi tepiladigan bayroqcha oldiga borib raqsga tushgan holda nishonlardi. Keyinchalik golni shu tariqa nishonlash futbolchilar oʻrtasida oʻziga xos anʼanaga aylanib qoldi.

Aytmoqchi, bizu sizga nomi yaxshi tanish Valeriy Nepomnyashiy oʻshanda Kamerun terma jamoasi bosh murabbiyi edi. Bu murabbiy yoshligida Samarqandda armiya xizmatini oʻtagan. Oradan yillar oʻtib, Oʻzbekiston terma jamoasi va “Paxtakor” da bosh murabbiy vazifasida ishlagandi. Shu mutaxassis ustozlik qilgan kamerunlik futbolchilar jahon chempionatida dunyoni larzaga keltirishgan edi, desak adashmaymiz.

Ular guruhdagi dastlabki uchrashuvda Maradona yetakchiligidagi Argentina terma jamoasini 1:0 hisobida magʻlubiyatga uchratishdi. Keyingi oʻyinda esa Roje Millaning ikki goli Ruminiya terma jamoasini magʻlubiyatga uchratish imkonini berdi. Oʻz guruhlarida 1-oʻrin bilan keyingi bosqichga chiqqan Nepomnyashiy shogirdlari Kolumbiya terma jamoasini 2:1 hisobida yengishdi. Har ikkala golni Roje Milla oʻz hisobiga yozib qoʻygani ham yodimizda. Faqat chorak finalga kelib kamerunliklar Angliya terma jamoasiga qarshi kechgan dramatik bahsda 3:2 hisobida yengilishdi. Vaholanki, oʻyin asosiy vaqti tugashiga 8 daqiqa qolganida ular 2:1 hisobida oldinda borishayotgandi. Lekin keyin inglizlar Gari Lineker tomonidan penaltidan kiritilgan ikki gol evaziga gʻalabani ilib ketishdi.

Biroq mundial chorak finaliga yetib kelishning oʻzi ham Afrika futboli uchun katta yutuq edi. Kamerunliklar qitʼada birinchi boʻlib shunday natijaga erishdilar.

Oradan toʻrt yil oʻtgach, Milla yana jahon chempionatiga yoʻl oldi. Toʻgʻri, ichki nizolar terma jamoaning oʻyiniga taʼsir oʻtkazdi, kamerunliklar mundialda muvaffaqiyatsiz qatnashdilar. Biroq Roje Milla oʻshanda ham boʻsh kelmadi. Rossiya terma jamoasi darvozasiga gol kiritib, futbol tarixida misli koʻrilmagan natijani qayd etdi. Jahon chempionatida gol kiritgan yoshi eng ulugʻ futbolchiga aylandi. Bu paytda u 42 yoshda edi.

Bundan tashqari, Roje yana bir nechta rekord oʻrnatgan. Masalan, u uchta jahon chempionatida qatnashgan birinchi afrikalik futbolchi sanaladi.

Hozir qahramonimiz oilasi bilan Monpelyeda istiqomat qilmoqda. Mahalliy klubda ishlayapti. Xalqaro miqyosdagi turli xayriya aksiyalarida, masalan, SPIDga qarshi kurash tadbirlarida faol qatnashyapti.

Futboldagi shaxsiy yutuqlariga kelsak, u FIFA tomonidan dunyoning eng kuchli 100 futbolchisi roʻyxatiga kiritilgan. Afrikaning oʻtgan asrdagi eng kuchli ikkinchi futbolchisi deb topilgan. Ikki bor Afrikaning “Oltin toʻp”ini qoʻlga kiritgan. Kamerunning uch karra eng kuchli futbolchisi sanaladi.

Istam IBROHIMOV tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?