Prezident belgisi va shtandarti (bayrogʻi) joriy etilmoqda

14:07 21 Oktyabr 2021 Siyosat
724 0

Oliy Majlis Senati yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatining asosiy kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha kiritish haqida»gi Qonun muhokama qilindi.

Taʼkidlash joizki, mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan boʻlib, 3 ta moddadan iborat.

Qonun bilan Prezidentning farqlovchi belgilari, yaʼni oʻz belgisi va shtandarti (bayrogʻi)ni joriy qilish taklif etilmoqda.

Qonunda belgi va shtandart (bayrogʻi) tavsifi, ulardan rasmiy foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanishi nazarda tutilgan.

Davlat rahbarining farqlovchi belgilarini joriy qilgan xorijiy davlatlarda davlat rahbarining belgisi va shtandarti yangi saylangan Prezidentga qasamyod qabul qilgandan keyin inauguratsiya paytida topshirilishi belgilangan. Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida ushbu masalalar tartibga solinmagani bois, qonunchilikni tegishli mazmundagi norma bilan toʻldirish taklif etilmoqda.

Qonunni ishlab chiqishda milliy qonun hujjatlari, yurist-olimlar fikrlari, xorijiy mamlakatlar, shu jumladan Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston tajribasi oʻrganilgan.

Qonunning qabul qilinishi Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligini ilgʻor xorijiy tajribaga muvofiq takomillashtirish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farqlovchi belgilaridan foydalanish tartibini belgilashga koʻmaklashishi qayd etildi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?