“Premier Hall”dagi “Kokilli qiz” pannosi restavratsiya qilinadi

16:40 21 Iyun 2021 Madaniyat
1312 0

“Premier Hall” kinoteatri binosini restavratsiya qilish vaqtida rassom Alfred Mazitovning “Kokilli qiz” nomli ajoyib pannosiga duch kelindi.

Oʻzbekiston kinematografiya agentligi Axborot xizmati tarqatgan xabarga koʻra, poytaxt markazida joylashgan “Premier Hall” kinoteatri joriy yilda boʻlib oʻtadigan “Ipak yoʻli durdonasi” Toshkent Xalqaro kinofestivalida lokatsiyalardan biri boʻlishi koʻzda tutilgan. Shu sababdan Kinematografiya agentligi ijarachilar bilan kelishgan holda binoning tashqi qiyofasini yangilashga qaror qilgan.

“Taʼmirlash ishlari paytida binoning yuzasida eski panno topildi. Shundan soʻng, Kinematografiya agentligi ekspertlarni taklif qilib, topilmani oʻrganishdi. Panno haqiqatda Alfred Mazitovning qalamiga mansub “Kokilli qiz” mozaikasi ekanligi ekspertlar tomonidan tasdiqlandi. Rassomlar uyushmasi raisi Akmal Nur va ekspertlar pannoni restavratsiya qilish imkoni mavjudligini maʼlum qilishdi. Shundan kelib chiqib, ushbu freskani saqlab qolib, binoning yangi dizaynini aynan “Kokilli qiz”dan kelib chiqib yaratish maqsadga muvofiq, degan xulosaga kelindi.

Hozirda binoning ijarachilari va quruvchilar bilan qayta muzokalar oʻtkazib, ularga yangi dizayn boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Aytib oʻtish joizki, bungacha binoni dizayni umuman boshqacha boʻlishi va topilgan panno oʻrnida filmlar anonslari uchun ekran oʻrnatilishi rejalashtirilgandi. Endilikda aynan “Kokilli qiz” binoning yangi dizaynini belgilab beradi. Shuningdek, ushbu oʻzgarishlardan soʻng binoning hozirgi Premier Hall nomi qanchalik mos boʻlishi boʻyicha savollar tugʻilmoqda. Shu sababdan shahar aholisidan takliflarni kutib qolamiz”, deyiladi agentlik tarqatgan xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?