Pokistonlik fermerlar nimadan norozi?

17:20 03 May 2024 Dunyo
362 0

Foto: EPA

Pokistonning qator shaharlarida minglab fermerlar hukumatning bugʻdoyni sotib olmaslik qaroriga qarshi norozilik namoyishlari oʻtkazmoqda. Fermerlarning iddaosiga koʻra, ushbu qaror ularning daromadlarida katta yoʻqotishlarga sabab boʻlmoqda.

Mamlakatning eng yirik viloyati va Pokistonning «non savati» deb ataladigan Panjobdagi dehqonlar yaxshi hosil kutayotganligi sababli hukumat bugʻdoy importini toʻxtatish kerak degan fikrda.

Dushanba kuni Lahorda boʻlib oʻtgan norozilik namoyishida politsiya xodimlari fermerlarni kaltaklab, oʻnlab kishilarni hibsga olgan.

Noroziliklarning asosiy sabablari nimada?
Oʻtgan yilning ikkinchi yarmi va joriy yilning dastlabki uch oyida bugʻdoy import qilinib, bozorda ortiqcha bugʻdoy koʻpayib ketganligi sababli narxlar arzonlashib ketgan. Qishloq xoʻjaligi Pokistonning eng muhim daromad sohalaridan biri boʻlib, mamlakat yalpi ichki mahsuloti(YAIM)ning qariyb 23 foizini tashkil qiladi. Bugʻdoy esa YAIMning 2 foizini egallaydi.

2022-yilda Pokistondagi halokatli suv toshqinlari dehqonchilikka salbiy taʼsir qilganligi bois 2023-yilning boshida bugʻdoy yetishmasligiga olib keldi. Pokistonliklar yiliga 30 million tonna bugʻdoy isteʼmol qilsa, 2022-yilda atigi 26,2 million tonna bugʻdoy yetishtirildi. Bu esa narxlarning oshishiga olib kelib, koʻproq bugʻdoy yetishtirishga turtki berdi. Oʻsha paytdagi hukmron koalitsiya boʻlgan Pokiston demokratik harakati hukumatdagi vakolat muddati tugashiga bir oy qolganda, 2023-yil iyul oyida xususiy sektorga bugʻdoy import qilishga ruxsat berishga qaror qildi.

Milliy oziq-ovqat xavfsizligi va tadqiqot vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 2023-yil sentyabridan 2024-yil martigacha boʻlgan davrda Pokistonga xalqaro bozordan 3,5 million tonnadan ortiq bugʻdoy import qilingan. Odatda hukumat mahalliy fermerlar tomonidan yetishtirilgan bugʻdoyning 20 foizini qatʼiy belgilagan narxda sotib olar edi. Biroq bu yil fermerlardan atigi 2 million tonna bugʻdoy sotib olinishi eʼlon qilindi.

«Bu yil 32 million tonnaga yaqin bugʻdoy yetishtirish kutilmoqda. Biroq hukumat gʻaznasi bugʻdoyga toʻla boʻlsa, hosilimizning 50 foizidan koʻpini sotishimiz mumkin emas. Bu 1,4 milliard dollar zarar olib kelishi mumkin», — deydi mahalliy fermerlardan biri.

Nega davlat bugʻdoy sotib olishi muhim?
Karachida yashovchi oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha tahlilchi va tadqiqotchi Odil Mansurning soʻzlariga koʻra, hukumatning har yili mahalliy bugʻdoyni sotib olishi fermerlarning qolgan bugʻdoyining tegirmon va bozordagi narxlarni belgilab beradi. Eng yirik xaridor boʻlmish hukumat donni maʼlum bir narxda sotib olsa, bozorning qolgan qismi ham unga mos ravishda narx belgilaydi.

Fermerlar nima deydi?
Panjob viloyatidagi fermerning aytishicha, bugʻdoy yetishtirish uchun oʻgʻit, suv va boshqa talablarning yuqori narxi hosil yetishtirish xarajatlarini keskin oshirib yuborgan va bu don qimmatlashishiga olib kelmoqda. Fermerning qoʻshimcha qilishicha, dehqonlar hosilini vositachilarga arzon narxga sotishga majbur boʻlmoqda. Baʼzi dehqonlarda uni saqlash uchun omborxona ham mavjud emas.

Hukumat nima deydi?
Bosh vazir Shahboz Sharif bugʻdoy inqirozini atroflicha oʻrganish boʻyicha topshiriq berdi. Milliy oziq-ovqat xavfsizligi va tadqiqot vazirligiga koʻra, ushbu holatga muvaqqat hukumatning 2023-yil avgust oyidagi qabul qilgan qarorlari sabab boʻlgan. Vazirlik shunday boʻlsada fermerlarni qoʻllab-quvvatlashini bildirgan.

Tahlilchi Odil Mansur aytishicha, hukumat fermerlarga bugʻdoy sotib olmaslik rejasini yaxshiroq tushuntirmagan. Ammo uzoq muddatli iqtisodda hukumatning bozordan chiqishi normal holat. Buni bir kunda amalga oshirib boʻlmaydi, lekin asta-sekin u kelgusi yillarda oʻz ishtirokini toʻxtatishi kerak.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер