Poytaxtimizda qilichbozlik boʻyicha Oʻzbekiston kubogi musobaqasi start oldi

15:12 18 Oktyabr 2024 Sport
379 0

Elyor HAYDAROV/“Xalq soʻzi”. Joriy yilning 16 — 21-oktyabr kunlari Toshkent shahridagi “Paxtakor” sport majmuasida oʻsmirlar oʻrtasida qilichbozlik sporti bellashuvlari boʻlib oʻtmoqda.

Qayd etish joizki, mazkur bahs oʻz navbatida 2025-yilda yurtimiz mezbonlik qiladigan oʻsmirlar oʻrtasidagi Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlik va milliy terma jamoamiz aʼzolarini saralash vazifasini oʻtaydi.

— Soʻnggi yillarda qilichbozlarimiz oʻz mahorati, kuchi va irodasini koʻrsatib, jahon chempioniga aylanyapti, — deydi Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasi maslahatchisi Ubaydulla Hikmatullayev. — Hozirda yurtimizning 80 nafarga yaqin sara sportchilari Oʻzbekiston kubogi bahslarida kuch sinashyapti. Ular orasida kelajagi porloq qilichbozlar juda koʻp, shu bois ham saralash biz uchun oson kechayotgani yoʻq.

Darhaqiqat, soʻnggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ushbu sport turiga eʼtibor kuchaydi. Viloyatlarimiz, hatto chekka hududlarda ham navqiron avlod vakillari emin-erkin shugʻullanishi, oʻz ustida ishlashi uchun sharoitlar yaratilmoqda.

Tashkil etilayotgan mazkur musobaqa nafaqat oʻsmirlar oʻrtasida Osiyo oʻyinlariga hozirlik koʻrish, balki kattalar oʻrtasidagi Olimpiya bahslari uchun sportchilar bazasini shakllantirish va kelgusi gʻalabalarga zamin yaratishi bilan alohida ahamiyatga molik.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер