Pingvindan keyin maymuncha. Kichik makaka internetda yulduz boʻldi
Bir muddat avval internetda yolgʻiz pingvin togʻ choʻqqisi tomon ketib borayotgani tasvirlangan qisqa video kutilmagan tarzda global memga aylangandi. Ushbu lavha “Nigilist pingvin” deb nomlanib, umidsizlik, yolgʻizlik va hayotdan maʼno izlash kabi hissiyotlar ramzi sifatida ommalashdi. Biroq koʻp oʻtmay buning mutlaqo aksi boʻlgan, yumshoq oʻyinchoqni onasidek qadrlab olib yurgan kichik makaka videosi koʻpchilikning eʼtiborini tortdi. Maymunchaning bu harakatlari sabr-toqat va umid timsoliga aylandi.
Yaponiyadagi Ichikava shahar hayvonot bogʻida onasi tashlab ketgan va guruhdoshlari tomonidan chetlatilgan kichik maymun bolasi Panch yashaydi. Hali tugʻilganiga 6 oy boʻlgan yapon makakasi qisqa vaqt ichida internet yulduziga aylandi. Uning videolari X, TikTok va Instagram platformalarida oʻn millionlab koʻrishlar toʻplagan, ayrim lavhalar esa hatto 30 million martadan ortiq tomosha qilingan.

Panch oʻtgan yili iyul oyida tugʻilgan. Biroq maymunchaning biologik onasi uni qabul qilishdan bosh tortgan. Mutaxassislar bu holatni kuchli issiq toʻlqini sharoitida kechgan ogʻir tugʻruq kayfiyati bilan bogʻlamoqda. Shu bois makaka dastlab hayvonot bogʻi xodimlari parvarishiga olingan va bir necha oy davomida asosan insonlar qaramogʻida boʻlgan.
Joriy yil yanvar oyida Panchni “Maymunlar togʻchasi” deb ataluvchi hududdagi turdoshlari guruhiga qayta qoʻshish jarayoni boshlangan. Ammo bu oson kechmagan. Yapon makakalari qatʼiy iyerarxiya asosida yashaydi va bolalar odatda ijtimoiy qoidalarni onasi orqali oʻrganadi. Shu bois onasisiz oʻsgan Panch guruh ichida oʻz oʻrnini topishda ancha qiynalgan. Ijtimoiy tarmoqlarda uning kattaroq maymunlarga yaqinlashib, mehr izlashi, ammo rad etilgani hatto hujumga uchragani aks etgan videolar tarqaldi.

Panchning ruhiy holatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida hayvonot bogʻi xodimlari unga IKEA kompaniyasining “Djungelskog” nomli orangutan yumshoq oʻyinchogʻini taqdim etgan. Bu oʻyinchoq nafaqat taskin vositasi, balki mushaklarini mustahkamlashga yordam beradigan jihoz sifatida ham berilgan. Qisqa fursatda mazkur oʻyinchoq Panchning eng yaqin “doʻsti”ga aylangan. Makaka uni bagʻriga bosadi, ortidan sudraydi va deyarli hech qachon qoʻyib yubormaydi.
Panchning mashhurligi keyinchalik chakana savdoga ham taʼsir koʻrsatgan. IKEA maʼlumotiga koʻra, soʻnggi kunlarda “Djungelskog” oʻyinchogʻi savdosi Yaponiya, AQSH va Janubiy Koreyada sezilarli darajada oshgan. Shundan soʻng kompaniya Panch ishtirok etgan reklama materiallarini ham taqdim etdi hamda hayvonot bogʻiga maymuncha uchun “ona zaxirasi” sifatida oʻnlab yumshoq oʻyinchoqlar hadya qildi.

Hayvonot bogʻi maʼmuriyatining taʼkidlashicha, guruhdoshlari tomonidan turli qarshiliklarga uchraganiga qaramay, Panch kuchli ruhiy barqarorlikka ega va tez tiklanmoqda. Soʻnggi videolarda uning tengdoshlari bilan oʻynayotgani va bir maymun tomonidan parvarish qilinayotgani — ijtimoiy qabul qilinganining muhim belgisi sifatida baholanmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abduqodir Husanov yana bir bor “Real Madrid”ga qarshi oʻynaydi
- Bolalar saratoniga qarshi kurash: xalqaro hamkorlikdagi muhim qadam
- Superliganing 2026-yilgi mavsumi boshlanmoqda
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- Dzyudo boʻyicha Toshkent “Katta dubulgʻa” musobaqasi boshlandi
- 1-mart — Zulfiya tavallud topgan kun. “Bugun tunda kelarmish bahor”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring