Parlamentlararo Ittifoq bosh kotibi Martin Chungong Xorazmda boʻldi

10:21 14 Aprel 2025 Jamiyat
337 0

Odilbek ODAMBOYEV/“Xalq soʻzi”. Xabaringiz bor, joriy yilning 5-9-aprel kunlari Toshkentda Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi oʻtkazildi. Jahon parlamentlari yetakchilari diyorimizda jam boʻlishi mamlakatimizning bu boradagi faoliyati ham yangi bosqichga koʻtarilganidan dalolat. Ushbu nufuzli anjumanda 140 ta davlatdan 2 000 nafarga yaqin delegat ishtirok etdi.

190 ga yaqin milliy parlamentni birlashtirgan Parlamentlararo Ittifoq assambleyasi parlamentarizm va barqaror rivojlanishning ijobiy tajribasi yuqori yurtlardagina oʻtkaziladi. Ayniqsa, ushbu global tuzilmaning yubiley tadbiri aynan Oʻzbekistonga ishonib topshirilgani oʻlkamizdagi jadal islohotlarning xalqaro eʼtirofi, desak, toʻgʻri boʻladi. Bunday katta ahamiyatga ega boʻlgan tarixiy forumning Markaziy Osiyoda ilk bor oʻtgani, bunga Oʻzbekiston mezbonlik qilgani barchamizga gʻurur va faxr bagʻishlaydi.

Parlamentlararo Ittifoq bosh kotibi Martin Chungong va Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti sogʻliq xavfsizligi departamenti direktori Stella Chungong mamlakatimizga tashrifi doirasida Xorazm viloyatida boʻldi. Mehmonlar Xivadagi “Ichanqalʼa” majmuasidan joy olgan tarixiy yodgorliklar bilan tanishdi, voha yoshlari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

— Parlamentlararo Ittifoqning yubiley assambleyasi Oʻzbekistonda juda yuqori saviyada oʻtdi, — deydi Martin Chungong. — Buning uchun samimiy minnatdorlik bildiramiz. Bugun dunyo sivilizatsiyasida alohida oʻringa ega boʻlgan koʻhna Xorazm tarixi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻldik. Qadimiy Xiva obidalarini tomosha qilib, oʻzimni xuddi ertaklarda yurgandek his qilyapman. Bu zaminda oʻtmishda mavjud boʻlgan davlatchilik anʼanalari, boy madaniyati va sanʼati bilan tanishib, juda hayratga tushdim. Xorazm dunyo tamaddunining eng qadimiy markazlaridan biri ekanligiga, Xiva jahonning turli burchaklaridan har bir sayyoh kelib tomosha qilishi kerak boʻlgan qadimiy shahar ekanligiga yana bir bor amin boʻldim.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер