Parlament palatalari faoliyatlarini tartibga soluvchi qonunlar yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirilmoqda
Joriy yilning 14-dekabr kuni Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi.
Unda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan bir qator muhim qonunlar muhokama qilindi.
Dastlab “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun muhokama etildi.
Taʼkidlanganidek, mazkur Qonun bilan mamlakatimiz fuqarolarining konstitutsiyaviy normalar bilan mustahkamlangan malakali yuridik yordam olish huquqidan foydalanish mexanizmi takomillashtirilmoqda.
Endilikda, jinoyat ishlari bilan bir qatorda fuqarolik va maʼmuriy ishlarda ham fuqarolarga davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatilishi hamda davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatlarni inson omili aralashuvisiz “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali avtomatik tanlanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi qarori yoki sudning ajrimi asosida ishda himoyachi (advokat) ishtirokini taʼminlash shartligi koʻrsatib oʻtilmoqda.
Bundan tashqari, davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatni jalb qilishda advokatning ishda ishtirok etishi tasdiqlangan paytdan eʼtiboran unga ishga kirishish uchun kamida toʻrt soat vaqt berilishi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, mahkumlarning ham davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqi yanada mustahkamlanadi.
Senatorlarning fikricha, ushbu Qonun fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirish va malakali yuridik yordam olishga boʻlgan kafolatlarni kuchaytirishga, uning hayotimizga tatbiq etishga hamda uning amaldagi ijrosini taʼminlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, qoʻmita majlisda “Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun ham koʻrib chiqildi.
Muhokama qilinayotgan qonun bilan parlament palatalari faoliyatlarini tartibga soluvchi qonunlar yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirilmoqda. Xususan, parlament palatalarining faoliyatidagi bir-birini takrorlovchi vakolatlari aniqlashtirilmoqda. Senat aʼzolari jami 65 nafar, shundan har bir maʼmuriy-hududiy birlikdan 4 nafardan saylanishi, 9 nafari Prezident tomonidan tayinlanishi belgilanmoqda. Qonunchilik palatasi va Senatning oʻzini oʻzi tarqatib yuborish vakolati kiritilmoqda. 100 ming nafardan kam boʻlmagan fuqarolar, Senat, Ombudsman va Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini Qonunchilik palatasiga kiritish mumkinligi qayd etilmoqda. Parlament tekshiruvini oʻtkazish Oliy Majlis palatalari aʼzolari orasidan tenglik asosida tuziladigan birgalikdagi maxsus komissiyasi tomonidan oʻtkazishi belgilanmoqda.
Senatorlar tomonidan Davlat byudjetining, davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarning jami daromadlari hamda xarajatlari, qonun doirasida koʻzda tutilgan tadbirlar, ularni moliyalashtirish manbalariga oid maʼlumotlar tahlil qilinganda, ayrim sohalarda ochiqlik va shaffoflik yetarlicha taʼminlanmayotganligi tanqid qilindi. Jumladan, aholini davlat tibbiy sugʻurtasi boʻyicha ajratiladigan mablagʻlarning sarflanishi haqida yetarli maʼlumotga ega emasligi qayd etildi.
Shuningdek, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, byudjet daromadlarini oshirish, ortiqcha soliq imtiyozlarni bekor qilish, byudjet mablagʻlaridan samarali va maqsadli foydalanish yuzasidan senatorlarning tegishli tavsiyalari berildi.
Muhokama yakunida Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi hamda mazkur qonunlarni Senatning yalpi majlisi muhokamasiga kiritish taklif etildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring