Parda koʻtarilganda... Yoxud andishali kelinchak tushgan andishasiz muhit xususida
Milliy madaniyatimizga “Oila bilan koʻrsa boʻladi” degan gʻalati jumla kirib kelganiga koʻp yillar oʻtdi. Bu gapning gʻalati jihati shundaki, odatda, qiziqchilik yoʻnalishidagi ommaviy sahna asarlari yoki xususiy telekanallarda namoyish etiladigan ayrim koʻngilochar koʻrsatuvlar haqida fikr-mulohaza yuritilganda yuqoridagi eʼtirof tilga keladi. Nahotki, ommaviy tomoshaning hammasidan oila davrasida bahramand boʻlishning imkoni boʻlmasa?! Bu qanday bedodlik?!
...Yaqinda bir guruh doʻstlar bilan hordiq chiqarish maqsadida teatrga tushib, “Andishali kelinchak” spektaklini tomosha qildik. Bu asar, garchi, koʻp yillardan beri mazkur nufuzli sanʼat dargohi repertuaridan tushmay kelayotgan esada, kamina uni ilk bor koʻrayotgandim. Avvalo, qayd etish joiz, sahna bezaklaridan tortib, aktyorlarning kiyinishigacha milliy uslub-andozalarda. Lekin, taassufki, ijrodagi, ayniqsa, tildagi andishasizliklar odamning dilini xira qiladi.
Ushbu sahna asari syujetidagi (hayotiy!) voqealarning yasamaligi, koʻtarilayotgan ijtimoiy masalaning yuzakiligi, umumiy mazmunning sayozligi haqida fikr yuritish ortiqcha. Chunki avval undagi “qora dogʻ”lardan qutulish lozim.
Masalan, kelin boʻlmish isiriq tutayotgan otashkurakni soʻrida tomoshabinlarga qarab oʻtirgan qaynonaning ataydan etagi orasiga olib kirib, piypalanaveradi-piypalanaveradi. Ana shunda qaynona bu holatni ruhan “ragʻbatlantirib”, bopillab bir narsa deydiki, taniqli aktrisaning katta sahnada yuzlab tomoshabin huzurida tap tortmay aytayotgan bu “topilma” gapini maqolada aks ettirishning sira ilojini topolmadik...
Zimdan eʼtibor qilinsa, bu luqma tomoshabinlarni kuldirish uchun aytilganini fahmlash qiyin emas. Bunday bemavrid hol keyingi ijrolardan birida yana-da oydinlashadi: oʻzi oʻylab topgan muammolardan boshi ogʻrib qolgan qaynona xosxonasiga yoʻl olarkan, eriga qarab, “Keling, boshimni bosib qoʻying!” deb ichkariga kirib ketadi. (Boshni qanaqa qilib bosib qoʻyish mumkin?) Uning ortidan kelgan er boʻlmish “Umrimiz nuqul ...!” deya oʻkinchnamo “xitob” qiladiki, bu shartaki gapni koʻp sonli muxlislar oldida aytish uchun kamida odam bolasining fahm va hamiyat pardalari oʻziga bogʻliq boʻlmagan holda bexos yopilib qolgan boʻlishi kerag-ov!
Men hayron qoldim: hatto koʻcha-koʻyda ham soʻzlashuv lahjalarida deyarli ishlatilmaydigan, hech istisnosiz, toʻpori tor doiralardagina qoʻllanilishi mumkin boʻlgan bunday jargon katta sahnaga qachon chiqib ulgurdi? Nahotki, shu paytgacha bunga “hov” deydigan biron joʻmard topilmagan boʻlsa?!
Boz ustiga, katta sahnada turib, millatga maʼnaviyat tarqatayotgan sanʼatkorlarimiz tilida tarjimasi oson ruscha soʻzlarning huda-behudaga ishlatilaverishi asabni battar taranglashtiradi. Donishmand xalqimizda “Tavfiqni betavfiqdan oʻrgan” degan purmaʼno naql bor, biroq “Madaniyatni madaniyatsizdan oʻrgan” mazmunidagi tavsiya yoʻq. Chunki betavfiqqa hafsala qilsa, uning kaltabinligidan, oʻz “qobigʻi”ga oʻralashib qolganidan kishi oʻzi uchun tegishli ijobiy xulosa chiqarib olsa boʻladi. Madaniyatsizlikka esa sira toqat qilib boʻlmaydi.
Shuningdek, mazkur sahna asarida yana bir xurmacha qiliq bor: qaynota-qaynonaga qoʻshni yashaydigan bir «vallomat erkak» roʻzgʻorida atigi kartoshka va boshqa mayda-chuyda yetishmaganligi uchun oʻzini osmoqchi boʻlib arqon soʻrab chiqadi, uning xonanishin «nozaninsifat» qiliqlari, balki obraz sifatida oʻzini oqlar, (aslida, bu ham goʻyoki komik lavha sifatidagi ajabtovur talqin boʻlsa kerak!) lekin arzimagan roʻzgʻor kamchiligidan fojia yasashdan maqsad nima?
Xullas, andishali kelinning yolgʻiz oʻzi atrofidagi mana shunga oʻxshash andishasizliklarga barham bera olmasligi tabiiy. Ming yillar osha sayqal topib, oʻzining sobit oʻzaniga ega boʻlgan milliy madaniyatimiz shaʼniga toʻgʻri kelmaydigan bunday nojoʻya xatti-harakatlarga ezgu fikrli insonlar — millatimiz jonkuyarlari el boʻlib nuqta qoʻyishi shart. Yoʻqsa, muhtasham sanʼat dargohidan bir luqma kurakda turmaydigan “hangoma”ni olib chiqqan sodda tomoshabin necha-necha tanish-bilishlariga uni tekinga tarqatishi tayin. Chunki buni madaniyat dargohidan oʻrganib chiqdida! Eng achinarlisi, ularning aksariyati bunday bemazagarchiliklarni madaniyatga daxldor hozirjavob ilmoqli gaplar, deb tushunishi ham rost. Buni ayrim tomoshabinlarning aynan shunday milliy mentalitetimizga qora dogʻ boʻlib tushgan ajabtovur epizodlarda chapak chalib, qiyqirib kulganidan ham bilsa boʻladi.
Afsuski, katta sahnada namoyish etilayotgan bu kabi “topqirliklar” bani insonga hech qanday maʼnaviy oziq boʻlmaydi, aksincha, bunday madaniyatsizlik taʼsirida dono bobokalonlarimiz aytgan “Birniki — mingga...” tamoyili soʻzsiz ishlaydi. Natijada oila davrasida koʻrib boʻlmaydigan nimarsalarni jamoat boʻlib, milliy oʻzligimizga mutlaqo befarq holda, tagʻin chapak chalib tomosha qilishdan or qilmaydiganlar koʻpayadi — bu haqiqiy fojia! Bundan oʻzimizni oʻzimiz asramasak, chetdan kelib hech kim bizga milliy mentalitetimizga xos sifatlardan saboq bera olmaydi.
Safar OLLOYOROV, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi masʼul xodimi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring