Palatkadagi muloqot ertangi kunga ishonch uygʻotdi

Foto: Abdulaziz ABDURASHIDOV
Otabek ISROILOV/“Xalq soʻzi”. Parkent. Yangi Sanganak mahallasi. Oʻsha kuni tuman markazidan qariyb 30 km uzoqlikda joylashgan bu qishloqda uchta palatka tiklandi. Toshkent viloyatining maʼmuriy markazi Nurafshonda qor boʻlmasa-da, Yangi Sanganakka kelgan kishining qadamlariga bu zamin qor bilan poyandoz toʻshagandi. Axir, qishning bir kuni ham – qishda.

Sovuqdan qochgan kishi borki, oʻzini panaga – kimdir mashinasiga, kimdir xonadonga yugurdi, biz palatkaga kirdik. Palatka uch chodirning eng birinchisi boʻlib, bu yerda Toshkent viloyati hokimligi masʼullari sayyor qabul oʻtkazayotgandi.

— Oʻttiz yashar oʻgʻlim ikki yil avval xorijga ishlashga ketgandi, — deydi sanganaklik uy bekasi Zulayho Ubayeva. — Oʻzga yurtda sarson-sargardon yurgandi. Ikki oy oldin hokimiyat vakillari migrantlar bilan onlayn muloqot boʻldi. Oʻshanda oʻgʻlim muloqotga ulanib, oʻz muammosi bilan masʼullarga murojaat qildi. Uch kundayoq bagʻrimizga qaytib kelib, hozir kasb-hunarga oʻqimoqda.

“Qishloqda bir kun” loyihasi doirasida Boʻstonliq tumanidagi “Piskom”, Angren shahridagi “Lashkarak” qishloqlarida ham muloqotlar tashkil etilgandi. Birinchi palatkada mutasaddilar aholi murojaatlariga quloq tutgan boʻlsa, ikkinchi palatkada prokuratura, sud organlari sanganakliklarga huquqiy yordam koʻrsatdi.

Palatkadagilarning oʻzaro muloqotidan mahalla hududida joylashgan 21-umumiy oʻrta taʼlim maktabida aholi uchun sayyor tibbiy koʻrik tashkil etilgani maʼlum boʻldi.

— Yuragimdagi muammolar boʻyicha shifokorlarga murojaat qildim, — deydi 53 yoshli Sanobar opa Toʻrayeva. — Ular salomatligimni koʻzdan kechirib, zarur tavsiyalar berishdi. Uzoq joyda yashaganimiz uchun tuman markazidagi shifoxonaga borishga vaqt ham, vaziyat ham boʻlmasdi. Shu tufayli tibbiyot xodimlarining oʻzlari qishlogʻimizga kelganidan bagʻoyatda mamnun boʻldik.

— Tibbiyotni olis joylardagi aholiga imkon qadar yaqinlashtirish asosiy vazifamiz, — deydi Toshkent viloyati Sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Toʻraqul Orziqulov. — Eng avvalo, skrining tekshiruvlariga eʼtibor beramiz. Bu orqali bemorlarda qand kasalligining oldini olish, turli yoshga doir xastaliklarni tahlil qilamiz. Odatda, havosi toza, togʻli joylarda kasallikka chalinishlar kam boʻladi. Biroq maxsus rentgen va turli tekshiruv apparatlarimiz bilan jihozlangan avtotransportlarimizda mutaxassislar talab asosida aholiga xizmat koʻrsatmoqda. Ayniqsa, koʻz kasalliklarini aniqlovchi zamonaviy apparatlarimiz mavjud boʻlgan mobil poliklinikamizni ham shu yerga olib kelganmiz.

Uchinchi palatkada 1 ming 740 nafar aholi yashovchi “Yangi Sanganak” mahallasida koʻchma kinoteatr chodiri tiklangan. Bu yerda namoyish qilingan hujjatli filmlarda keyingi yillarda mamlakatimizda olib borilgan islohotlar badiiy-sahnaviy ifodasini topgan. Sanganakliklar bogʻdorchilik va dehqonchilikka usta. Oʻtgan davr mobaynida 59 ta ishsiz fuqaroga dehqonchilik qilish uchun uzoq muddatga yer ajratildi. Ularning doimiy daromadga ega boʻlish uchun bandligi taʼminlandi. Chorvachilik, parrandachilik va asalarichilik bilan band boʻlganlar xonadonlar soni 200 dan ortadi. Mahallada nogironligi boʻlgan shaxslar 45 nafarni tashkil etsa, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar 36 nafar, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar 7 nafardir.

Tadbirlar davomida aholi uchun arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari savdo yarmarkasi ham tashkil etildi. “Yangi Sanganak” mahallasida boʻlib oʻtgan “Qishloqda bir kun” loyihasi aholiga ertangi kunga ishonch uygʻotdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring