Paxtachilikda hosildorlik yiliga oʻrtacha 10 foizga oshmoqda

16:39 08 Fevral 2021 Iqtisodiyot
1535 0

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Qishloq xoʻjaligidagi islohotlar, yer maydonlari toʻliq xususiy klaster va kooperatsiyalarga berilgani paxtachilikda hosildorlikni bir yilda oʻrtacha 10 foizga oshirish imkonini yaratdi”, deya bejiz qayd etmadi.

Aslida, yurtimizda agrar tarmoqqa klasterlarni keng tatbiq etish oʻz samarasini bermoqda. Bu borada qonuniy asoslarning yaratilayotgani esa tahsinga loyiq. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-yanvar va 28-fevraldagi tegishli qarorlari bu borada dasturilamal boʻlmoqda. Andijon viloyatining Qoʻrgʻontepa tumanidagi “Khantex Group” MCHJ paxtachilik-toʻqimachilik klasteri ana shunday tuzilmalardan biri.

– 2018-yilda tashkil etilgan klaster 858 gektar paxta maydoniga ega, –deydi Andijon viloyati fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bosh mutaxassisi Odil Rahmonov. – Uning 81,0 gektariga zamonaviy tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy qilingan. Korxonada yerga ishlov berishda yangicha yondashuv tatbiq qilish maqsadida xorijdan qariyb 400 dona yuqori unumli texnika sotib olindi. Ular gʻoʻza qator orasiga ishlov berish, kultivatsiya qilish, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish kabi agrotexnik tadbirlar tez va sifatli bajarishda qoʻl kelmoqda. Yaʼni agrotexnik tadbirlar toʻliq mexanizatsiyalashtirildi. Misol uchun, chigitni yuqori aniqlikda ekishga erishilib, odatdagi 70-80 kilogramm oʻrniga 35-40 kilogramm urugʻlik chigit sarflanmoqda. Ana shu jarayonning oʻzida har gektardan 550-650 ming soʻm tejalmoqda. Yoki har gektarga avvallari 700-800 kilogrammdan mineral oʻgʻit sarflangan boʻlsa, endilikda jahon tajribasi asosida 250 – 300 kilogramm sarflanmoqda. Ushbu oʻgʻitlash usuli paxta hosildorligini gektariga 40 sentnergacha hosil olib, sarflanadigan mablagʻlar 30 foizga qisqarmoqda.

Ana shunday zamonaviy usullarning tatbiq etilishi hisobiga hosildorlik oshmoqda. Xususan, oʻtgan yili har gektardan oʻrtacha 61,2 sentnerdan hosil olindi.

Klaster nafaqat paxtachilik balki gʻallachilik yoʻnalishida ham faoliyat boshladi va bunda ham ijobiy yutuqlarga erishilmoqda. 2020-yilda klasterga tegishli maydonlarning har gektaridan oʻrtacha 70 sentnerdan hosil olindi. Bunday hosildorlikka erishishda esa urugʻlik donni tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyilgani muhim omil boʻlmoqda. Oʻtgan yili Rossiyadan qariyb 3 ming tonna yuqori avlodli urugʻlik don olib kelindi. Shuni hisobidan 2021-yil hosili uchun viloyatdagi barcha fermerlarga unumdor, oliy navli urugʻlik yetkazib berildi. Bu kabi innovatsion gʻoyalarni tatbiq qilishda esa klaster korxonasi qoshida ilmiy markaz tashkil etilgani qoʻl kelmoqda. U yerda paxtachilik, gʻallachilik, moyli va dukkakli ekinlarni yetishtirishda ilgʻor texnologiyalarni qoʻllash maqsadida keng qamrovli izlanishlar olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер