Paxta sanoatida shaffoflik va hisobdorlik yanada oshadi

16:59 26 Aprel 2022 Iqtisodiyot
1527 0

Toshkent shahrida Oʻzbekiston paxta sanoatida shaffoflik va hisobdorlikni oshirishga qaratilgan xalqaro loyihani hayotga tatbiq etish yuzasidan maslahat uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi, Adliya, Bandlik va mehnat munosabatlari, Investitsiyalar va tashqi savdo, Qishloq xoʻjaligi vazirliklari, «Oʻztoʻqimachiliksanoat» uyushmasi masʼul xodimlari, shuningdek, Xalqaro xususiy tadbirkorlik markazi (CIPE),  Birdamlik markazi (Solidarity Center) xalqaro tashkiloti vakillari ishtirok etdi.

Paxta sanoatida shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan ushbu pilot loyiha ikki yilga moʻljallangan. U Xalqaro xususiy tadbirkorlik markazi (CIPE),  Birdamlik markazi (Solidarity Center) xalqaro tashkiloti koʻmagida Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi tomonidan amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.

Loyiha doirasida paxta-toʻqimachilik klasterlarida xalqaro mehnat standartlari va korporativ boshqaruv normalari toʻliq tatbiq qilinib, paxta yetishtirish va uni qayta ishlash jarayonlarida munosib mehnat sharoitini yaratish boʻyicha oʻziga xos model yaratiladi.

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan qishloq xoʻjaligi sohasi isloh qilinib, paxtachilikda klaster usuliga oʻtildi. Buning natijasida juda qisqa vaqt ichida paxta yetishtirishda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga butkul barham berildi, — deydi Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi raisi, senator Murtazo Rahmatov. — Islohotlarning hozirgi bosqichida ishlab chiqarishning barcha boʻgʻinlarida ishchilarga munosib mehnat sharoitlari yaratish, ularning huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Bu esa xalqaro doirada ham yuksak eʼtirof etilyapti. Yaqinda “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan oʻzbek paxtasiga nisbatan boykot bekor qilingani bunga bir misoldir. Sohada shaffoflik va hisobdorlikni oshirishga qaratilgan loyiha ushbu yoʻnalishdagi islohotlarning mantiqiy davom boʻladi.

Loyiha uchun 2-3 ta klaster tanlab olinadi. Ular faoliyati misolida uchta muhim natijaga erishilishi kutilyapti. Yaʼni bular — paxta-toʻqimachilik klasterlari ishlab chiqarish zanjirlarida ishchilarning jamoaviy fikri mustahkamlanishi, xalqaro mehnat standartlari va korporativ boshqaruv meʼyorlariga rioya etilishi, shaffof bozor va boshqaruv normalarini taʼminlashdir.

— Loyihadan koʻzlangan asosiy maqsad Oʻzbekistonda paxta yetishtirishda mehnat sharoitlarini yaxshilash va majburiy mehnatning oldini olishdir, — deydi Xalqaro xususiy tadbirkorlik markazi (CIPE)ning Yevropa va Yevroosiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Natalya Otel Belan. — Shu maʼnoda, u sohaga investitsiyalarni jalb qilishda eng qisqa yoʻl vazifasini oʻtashi mumkin. Chunki bizning ikki yillik oʻrganishlarimiz asosida eʼlon qilinadigan tahlil va xulosalarimiz Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik sanoati jozibadorligi oshishi, xalqaro brendlarning kirib kelishiga katta turtki boʻladi. Loyiha doirasida axborot olish yanada shaffoflashib, klasterlar va xalqaro brendlar oʻrtasida muloqot maydoni yaratiladi.

Tadbirda loyihani amalga oshirish uchun toʻrt tomonlama memorandum imzolashga kelishib olindi. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?