OʼzLiDeP Xorazmda press-tur tashkil qildi

21:58 19 Noyabr 2020 Jamiyat
221 0

Xorazm viloyatida tashkil qilingan press-turda OʼzLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi vakillari, partiya viloyat Kengashi xodimlari, mahalliy kengash deputatlari, hamkor tashkilotlar va OAV vakillari ishtirok etdi.

Pandemiya sharoitidan keyin oyoqqa turib, oʻz faoliyatini yana-da yaxshilagan, ishlab chiqarish, savdo-sotiq, turizm sohalarida boshqalarga namuna boʻlayotgan tadbirkorlar bilan uchrashish, ularning tajribasi bilan oʻrtoqlashib, muammo va takliflarini oʻrganish va yosh tadbirkorlarga namuna sifatida koʻrsatish maqsadida Press tur ishtirokchilari dastlab Urganch shahridagi “Smart Invest” masʼuliyati cheklangan jamiyatida boʻldi. Partiya vakillari korxona ish jarayoni bilan yaqindan tanishdilar, ishchi-xizmatchilar bilan suhbatlashdilar.

Tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan korxonada bugungi kunda 100 nafardan ortiq xotin-qizlar bandligi taʼminlangan. Korxonada bugungi kunda oyiga 15 ming dona choyshab toʻplam jildlari hamda 300 mingdan ortiq oshxona sochiqlari ishlab chiqarilib, mahsulotlarning 80 foizidan ortigʻi chet el davlatlariga eksport qilinadi.

“Chet ellik hamkorlarimiz asosan Rossiya, Ukraina, Moldaviya davlatlari hisoblanadi. Joriy yil boshidan bugungi kunga qadar 3,5 mlrd. soʻmlik mahsulot ishlab chiqargan boʻlsak, shundan, 3,0 mlrd. soʻmlik mahsulotlarimizni chet el davlatlariga eksport qildik. Qolgan qismini ichki bozorlarga topshirdik. Davlatimiz tomonidan biz tadbirkorlarga berilayotgan eʼtibor va imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda endilikda faoliyatimizni yana-da kengaytirib, 2021-yilda ish oʻrinlarimizni yana-da koʻpaytirish, 100 nafardan ortiq ayollarni ish bilan taʼminlashni maqsad qilganmiz. Bunda asosan “Ayollar” va “Yoshlar” daftariga kiritilgan ishsiz xotin-qizlar va yoshlarimizni ishga qabul qilishga eʼtibor qaratishni rejalashtirganmiz”, — deydi korxona rahbari Svetlana Masharipova.

Taʼkidlash joizki, mazkur korxona rahbari oʻz natijalari bilan “Ishbilarmon ayol — 2020” Respublika koʻrik tanlovida faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan. Shu munosabat bilan partiya vakillari korxona rahbari va ishchilarni yana bir bor qutlab, kelgusidagi ishlariga omad tiladi. Shuningdek, korxonada partiyaning quyi boʻgʻini tashkil etilib, yangi ishga qabul qilingan 15 nafar ayollar partiya safiga qabul qilindi va ularga aʼzolik guvohnomalari, esdalik sovgʻalari topshirildi. 

Oʻtkazilgan suhbatlar jarayonida korxona faoliyatini yana-da rivojlantirishning istiqbolli rejalari va faoliyatga toʻsqinlik qilayotgan muammo hamda kamchiliklar ham atroflicha muhokama qilindi. Tadbirkorning mavjud muammolariga koʻmak berishni mahalliy kengash deputatlari oʻz nazoratiga oldi.

Tadbir ishtirokchilarining navbatdagi manzili xorijiy sayyohlarni jalb qilishdagi salohiyati bilan maʼlum va mashhur boʻlgan Urganch tumanidagi “Ulli hovli” majmuasi boʻldi. Majmuada tashkil etilgan tadbir ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi.
Xorazmning qadimiy majmuasi – “Ulli hovli” 1120-yili bunyod etilgan. Qalʼaning loy hamda gʻishtdan iborat devorlari issiq kunda salqinlikni saqlab turishga xizmat qiladi. Majmuada mavjud fotogalereya Xiva xonligi hududlarida yashagan dastlabki turkmanlarning hayot tarzi va tasavvurini ifodalaydi. Fotosuratlar turkmanlar hayotining muayyan qismlarini aks ettiradi, turkman ayollari va erkaklarining xarakterli qiyofasini namoyish etadi.

Majmuada qadimiy oʻtovlar, hovlilar, turkman madaniyati namunalari, turli osori atiqalar, ularni oʻrab turgan qoʻrgʻon hozirga qadar saqlanib qolgan. Majmuaga tashrif buyurgan sayyoh goʻyo oʻzbek-turkman xalqlarining oʻzaro doʻstona muhiti aks etgan davrga tushib qolgandek his qiladi oʻzini.

Ushbu maskanda hozirgi kunda 10 dan ortiq hunarmandlar oʻz faoliyatini olib bormoqda. Bu yerda 15 oʻrinli mehmonxona va restoran ham tashrif buyuruvchi sayyohlar xizmatida.

“Ulli hovli” direktori, partiyamizning koʻp yillik faxriy faoli Davlatnazar aka Rajabov ishtirokchilarga sayohat davomida uning har bir tarixiy nuqtalari haqida soʻzlab berdi. 2018-yilda Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmaniston Respublikasi Prezidentlarining aynan shu hovliga qilgan tashrifi, ikki mamlakat doʻstligining ramzi sifatida faoliyat olib borayotgani toʻgʻrisida gapirdi. 

Majmuada oʻtkazilgan uchrashuv davomida “Turkmanlar” mahallasida yashovchi ehtiyojmand oilalarga OʼzLiDeP partiyasi tashkil topganligining 17 yilligiga bagʻishlab oʻtkazilayotgan “OʼzLiDeP 17 yoshda: 17 ming oilaga saxovat va koʻmak” loyihasi doirasida oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.

Nasiba Vaisova,
OʼzLiDeP Xorazm viloyat
Kengashi Matbuot kotibi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?