Oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishda yangi imtiyoz va imkoniyatlar
Nishon tumanidagi “Yangi Nishon fazosi“ fermer xoʻjaligi dala shiyponida “Oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish yangi imkoniyatlar” mavzusida koʻrgazmali seminar boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston fermerlari kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda Qashqadaryo hamda Surxondaryo viloyatlaridagi oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiruvchi subyektlar rahbarlari, soha masʼullari ishtirok etdi.

Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktyabrdagi “Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida fermer xoʻjaliklariga asosiy faoliyati bilan bir qatorda, qoʻshimcha tarmoqlarni yoʻlga qoʻyib, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishi uchun keng imkoniyatlar berildi.
Xususan, endilikda umumiy paxta-gʻallachilik va chorvachilik xoʻjaliklarining 10 gektardan kam boʻlmagan yerlarining 1 foiz, lekin 20 sotixdan koʻp boʻlmagan qismida yirik va mayda shoxli qoramollarni saqlash uchun yengil konstruksiyali bino, suv rezervuari va ozuqa saqlash omborxonalarini qurish mumkin.

Asosiy faoliyati paxta va gʻalla yetishtirishga ixtisoslashgan “Yangi Nishon fazosi“ fermer xoʻjaligi birinchilardan boʻlib bu imkoniyatdan foydalanib, tasarrufidagi yer maydonining bir qismida chorvachilik kompleksi, ozuqa ombori, issiqxona, suv rezurvari va boshqa kerakli infratuzilma obyektlarini barpo etgan.
Koʻrgazmada mazkur xoʻjalik faoliyati misolida dala chetlari va qishloq xoʻjaligiga xizmat koʻrsatish maydonlaridan samarali foydalanish, boradagi imtiyoz va imkoniyatlar haqida keng maʼlumot berildi.

- Prezidentimizning bu qarori oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiruvchi subyektlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning faoliyatini ragʻbatlantirish borasida juda katta ahamiyatga ega boʻldi, — deydi Oʻzbekiston Fermerlar kengashi rahbari Aktam Xaitov. — Qaror asosida oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirayotgan dehqon va fermerlar uchun koʻplab imtiyozlar, subsidiyalar belgilandi. Masalan, 2026-yil 1-yanvardan ozuqabop va moyli ekinlarni yetishtiruvchi subyektlarga mahsulot yetishtirishda sugʻorish tadbirlari uchun oʻz balansidagi nasos agregatlari sarflaydigan elektr energiyasi xarajatlarining 50 foiz qismi Davlat byudjetidan qoplab berilishi belgilandi. Bunday imtiyoz avval faqat paxta va gʻalla yetishtiruvchi subyektlarda mavjud edi. Endilikda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiruvchilar ham bunday imtiyozga ega boʻlishdi.

Tadbirning ikkinchi qismi Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti majlislar zalida davom etdi. Unda fermer xoʻjaliklarida qoʻshimcha tarmoqlarni rivojlantirish masalalari keng muhokama qilindi.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring