Oʻzini distribyutor deb tanitgan Xayrullo Shokirov qamoqqa olindi

11:11 29 Dekabr 2025 Jamiyat
223 0

Foto: IIBB

Ijtimoiy tarmoqlarda oʻzini distribyutor deb tanitgan Xayrullo Shokirov yirik miqdordagi firibgarlikda gumonlanib, qamoqqa olindi. Bu haqda Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, poytaxt IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (“Firibgarlik, juda koʻp miqdorda sodir etilishi”) bilan jinoyat ishi tergov qilinmoqda.

Tergov jarayonida aniqlanishicha, 1986-yilda tugʻilgan Shokirov Xayrulla Ubaydullayevich aldash va ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan Instagram, Telegram hamda YouTube platformalaridagi “Xayrullo Shokirov” nomli profil orqali oʻzini yirik distribyutor va tadbirkor sifatida tanishtirgan.

Shundan soʻng, u goʻyoki chet eldan katta miqdorda anor sharbati va salqin ichimliklar olib kirib, ularni respublika hududidagi savdo nuqtalariga yetkazib berish vakolatiga ega ekanligi haqida yolgʻon maʼlumotlar tarqatgan. Fuqarolarga distribyutorlik orqali topgan daromadidan katta foizlarni vaʼda qilib, aldash yoʻli bilan ularning ishonchiga kirib, juda koʻp miqdorda moddiy zarar yetkazgan.

Mazkur jinoyat ishi boʻyicha Xayrullo Shokirov gumonlanuvchi sifatida tergovga jalb qilingan va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllangan.

IIBB mazkur shaxsning jinoiy xatti-harakatlaridan jabr koʻrgan yoki ushbu holatlar boʻyicha biror maʼlumotga ega boʻlgan fuqarolardan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasining 71-206-40-99, 71-206-42-52 raqamlariga yoki 102 qisqa raqami orqali murojaat qilishlarini soʻramoqda.

“Sizning murojaatingiz jinoyatni toʻliq fosh etish va adolatni taʼminlashga xizmat qiladi”, deyiladi idora xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер