Anomal yoz: Toshkentda yoz soz oʻtmoqdami?

20:20 26 Iyul 2024 Jamiyat
750 0

Foto: Yunus Bo‘riyev, Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Xabaringiz bor, “Oʻzgidromet” fuqarolarni joriy yilning 25-29-iyul kunlari Oʻzbekistonda juda issiq ob-havo boʻlishi kutilayotgani munosabati bilan ogohlantirdi.

“Xalq soʻzi” foto muxbirlari Toshkent koʻchalarida kuzatilayotgan yoz jaziramasidan fotoreportaj tayyoorladi.

«Oʻzgidromet»ga koʻra, ushbu sanalarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidan tashqari, respublikaning qolgan hududlarida havo harorati kunduzi 40-43 darajagacha, janubda va choʻl hududlarda 44-45 darajagacha koʻtariladi.

Baʼzi joylarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha boʻlishi kutilmoqda, ayrim joylarda 20-23 m/s gacha kuchayishi, chang-toʻzonlar bilan kuzatilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi ham shu munosabat bilan fuqarolarga quyosh urishidan saqlanish qoidalarini eslatdi.

Bildirilishicha, ob-havoning keskin isib ketishi, ayniqsa, bolalar, qariyalar va bemorlarga ogʻir taʼsir qiladi. Hatto sogʻlom odamlar ham baʼzi bir qoidalarga rioya etishlariga toʻgʻri keladi.

Quyosh urishi ochiq havoda toʻgʻri tushadigan quyosh nurlari ostida sodir boʻladi, lekin issiq taʼsir qilgandan soʻng 6-8 soat oʻtib ham boshlanishi mumkin.

Quyosh urishi yoki issiq urishi belgilari:

  • darmonsizlik, charchoq, bosh ogʻrigʻi va chanqash kuzatiladi;
  • bosh aylanishi, quloqlarda shovqin, butun tanada ogʻriq boʻlib, puls va nafas tezlashadi. Ayrim paytlarda koʻngil aynishi va qusish kuzatilishi mumkin. Terlash kuchayadi, burundan qon ketishi mumkin;
  • yurak-qon tomir faoliyati va nafas olish keskin buziladi, hushdan ketish holatlari sodir boʻladi.

Ayrim paytlarda tutqanoq tutishi, alahsirash, gallyutsinatsiya kuzatilishi mumkin.

Quyosh urishining ogʻir shaklida ter ajralishi toʻxtaydi, agarda bemorga tibbiy yordam koʻrsatilmasa, nafas olish va yurak faoliyati toʻxtashi mumkin.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi birinchi tibbiy yordamni toʻgʻri koʻrsatish inson hayotini saqlab qolishi mumkinligini, asosiysi, kishi oʻzini yoʻqotmasdan hammasini toʻgʻri va tez bajarish kerakligini eslatdi.

Shuningdek, Oʻzbekistonda jazirama ob-havo kuzatilayotgani bois Sogʻliqni saqlash vazirligining alohida nazorati yoʻlga qoʻyildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Oʻzbekistondagi barcha birlamchi tibbiyot muassasalarida patronaj xizmatlari kuchaytirilib, surunkali kasalliklarga chalingan yotoq sharoitidagi bemorlarga oʻz vaqtida zarur tibbiy yordam koʻrsatilmoqda.

Shuningdek, mamlakat boʻylab 2 852 ta tez tibbiy yordam brigadasi aholidan boʻladigan chaqiriqlar uchun doimo shay holatda.

Vazirlik jazirama kunlarda, eng avvalo bolalar, qariyalar, homilador ayollar va surunkali kasalliklardan aziyat chekayotgan bemorlar sogʻligʻiga yanada eʼtiborli boʻlishga chaqirdi.

Foto: Yunus Bo‘riyev, Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер