O‘zbekning millatsevar shoiri Rauf Parfi 80 yoshda

21:57 27 Sentyabr 2023 Madaniyat
804 0

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston xalq shoiri, millatsevar ijodkor Rauf Parfi tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Adabiy anjumanda jamoat arboblari, taniqli ijodkorlar, shoirning oila a’zolari, san’atkorlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Rauf Parfi bilan bir zamonda yashab, hamnafas bo‘lgan ijodkorlar, shoirning shogirdlari, yaqinlari so‘zga chiqib, uning bosib o‘tgan hayot yo‘li, ozodlik ishqida bitilgan otashin she’rlari, shaxsiyati haqida to‘xtalib o‘tishdi.

Darhaqiqat, Rauf Parfi — nafaqat o‘zbek, balki turkiy adabiyot olamida ham misli ko‘rilmagan darajadagi shoir. Uning har qanday bashariy kayfiyat va holat ichidagi hayoti, dardi, g‘oyasi, maqsadi — Vatan ozodligi, millat istiqloli, qadimiy Turkiston birligi edi.

— Rauf Parfi adabiyotga qanday kirib kelganini biz sezmay ham qoldik. — dedi O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim. — Esimda, maktabning yuqori sinfida o‘qirdim, shoir ismini o‘shanda birinchi marta eshitdim. Rauf akaning she’rlari shunday tez mashhurlashib, yuraklarimizga jo bo‘lib ketdiki, talabalik yillarida bir-birimizga qarab hol-ahvol so‘rash o‘rniga “Yomg‘ir yog‘ar, shig‘alab yog‘ar” derdik. Rauf Parfi o‘zbek adabiyotida — katta hodisa. Bu adabiyotdan bahramand bo‘lganimiz bizning baxtimiz deb bilaman.

Adabiy-ma’rifiy kecha davomida Rauf Parfi she’rlari asosida bastalangan kuy-qo‘shiqlar yangradi, muxlislar tomonidan sevib o‘qiladigan she’rlari ijro etildi.

Tadbir yakunida tadbir ishtirokchilariga Rauf Parfining yangi nashrdan chiqqan kitoblari tuhfa etildi.

Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?