Oʻzbekiston—Yaponiya forumi ishbilarmonlik hamkorlik boʻyicha yangi tashabbuslarni belgilab berdi
Joriy yilning 10-yanvar kuni Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat davlat vaziri Ryosuke Kozukining tashrifi doirasida Toshkent shahrida Oʻzbekiston—Yaponiya biznes-forumi boʻlib oʻtdi. Unda tegishli vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari, shuningdek, ikki mamlakatning IT, energetika, raqamli transformatsiya, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi, elektrotexnika, tibbiyot va farmatsevtika va boshqa yoʻnalishlar sohalarida faoliyat yurituvchi 200 ga yaqin yirik kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Forumning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat davlat vaziri Ryosuke Kozuki soʻzga chiqdi.
Laziz Kudratov Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi munosabatlar rivojlanishining ijobiy dinamikasining asosiy omillaridan biri boʻlgan ikki davlat rahbarlari oʻrtasidagi yuksak ishonch darajasini alohida taʼkidlab, Oʻzbekistonning iqtisodiyot va savdo, sanoat va investitsiya muhitini yaxshilash borasidagi asosiy yutuqlariga toʻxtalib oʻtdi. Xususan, investorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan samarali qonunchilik normalari joriy etilganligi, muhandislik kommunikatsiyalari, infratuzilma, energiya resurslari bilan taʼminlanganlik darajasi yaxshilanganligi, iqtisodiyotdagi davlat ishtiroki qisqartirilganligi va keng koʻlamli xususiylashtirish jarayonlari boshlab yuborilganligi qayd etildi. Shu bilan birga, investorlar uchun imtiyozlar va preferensiyalar yaratilganligi, MDH mamlakatlari, va GSP+ hisobiga Yevropa Ittifoqi bozorlariga bojsiz eksport qilish imkoniyati mavjudligi, mintaqalararo transport yoʻlaklari diversifikatsiya qilinayotganligi taʼkidlab oʻtildi.
Shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni faollashtirish muhimligi qayd etilib, barcha qoʻshma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishga har tomonlama yordam berishga tayyorlik bildirildi. Yaponiya kompaniyalari rahbarlari Oʻzbekiston hukumatining Oʻzbekiston—Yaponiya biznes hamkorligi koʻlamini kengaytirishni jadallashtirish niyatida ekanligiga ishontirildi.
Qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirishning eng istiqbolli yoʻnalishlari sifatida IT sohasi, muqobil energetika, taʼlim, tibbiyot, turizmni rivojlantirish, raqamlashtirishni kengaytirish sohalari belgilab olindi.
Forum doirasida “Energetika transformatsiyasi istiqbollari” va “Sanoatni rivojlantirishda raqamli transformatsiya. Yaponiya startaplari Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirish vositasi sifatida” mavzularida panel munozaralari ham boʻlib oʻtdi. Sessiyalar davomida ekspertlar, vazirlik va idoralar, yirik kompaniyalar rahbarlari Oʻzbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlariga yapon innovatsiyalari va texnologiyalarini joriy etish boʻyicha oʻz qarashlari bilan oʻrtoqlashdilar. Soʻzga chiqqanlar fikricha bu sezilarli iqtisodiy samara berishi mumkin.
Biznes-forum davomida “G2B” va “B2B” uchrashuvlari ham tashkil etilib, unda ishtirokchilar qoʻshma korxonalar tashkil etish va oʻzaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzish masalalarini atroflicha muhokama qilishdi.
Forum yakunida taʼlim, IT texnologiyalari, muqobil energetika va tibbiyot, geodeziya va kartografiyada kosmik texnologiyalardan foydalanish sohalarida 14 ta hujjat imzolandi. Alohida “Yoʻl xaritasi” shakllantirildi, unga koʻra har bir loyihani amalga oshirishga har tomonlama yordam koʻrsatiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring