Oʻzbekiston—Qirgʻiziston chegarasidagi ikkita post faoliyati qayta tiklandi
Foto: “Xalq soʻzi”
Andijon viloyatida respublikamizni Qirgʻiziston davlati bilan bogʻlovchi ikki post har ikkala mamlakat aholisi uchun ochildi. Endi “Mingtepa—Qorabogʻish”, “Xonobod—Bekobod” chegara oʻtkazish punktlari orqali qoʻshnichilik munosabatlari yanada mustahkamlanadigan boʻldi.
— Qoʻrgʻontepa tumanida istiqomat qilaman, — deydi mehnat faxriysi Haydarali Ashurov. — Yagona singlim Aravon tumanida yashaydi. Shunday paytlar boʻlgan ikki davlat oʻrtasidagi bordi-keldi aloqalari toʻxtab qolgan. Oʻsha yillari singlim rahmatli otamning janozasiga kela olmagan edi. Keyinchalik, Xoʻjaobod tumanidagi “Doʻstlik” chegara oʻtkazish punkti oʻz faoliyatini boshlagach, quda-andachiligimiz davom etdi. “Mingtepa—Qorabogʻish” punktining ochilishi esa kamida toʻrt soat vaqtimizni tejash imkonini beradi. Xalqimiz bu kabi qulayliklar uchun hukumatimizdan nihoyatda minnatdor!
Ushbu maskanda bir kunda 4-5 ming nafar piyoda va 200 ta avtomobil harakati yoʻlga qoʻyildi. Buning uchun manzilda taʼmirlash ishlari olib borilib, eng zamonaviy qulayliklar yaratildi.
“Xonobod—Bekobod” chegara oʻtkazish punkti aholiga oxirgi marta bundan 14 yil avval xizmat koʻrsatgan. Oʻshanda maskan 1,3 gektardan iborat edi. Bu yerda olib borilgan bunyodkorlik ishlari natijasida uning maydoni 2,2 gektarga yetkazildi. Natijada bir kunda 10 ming fuqaro hamda 300 tagacha avtotransport vositalari harakatini taʼminlash uchun sharoit yaratildi.
— Qizim Qirgʻiziston Respublikasining Bekobod qishlogʻiga turmushga chiqqan, — deydi Xonobod shahrida yashovchi uy bekasi Muxtasarxon Ahmadaliyeva. — Shu kungacha “Doʻstlik” chegara punkti orqali bordi-keldi qilib yurdik. Buning uchun oʻrtacha uch soat vaqt sarflardik. Yangi maskanning ish boshlashi tufayli oraliq masofani atigi 10 daqiqada bosib oʻtishimiz mumkin boʻladi.
Xalqaro postlarning qayta ish boshlashi nafaqat, ikki xalq oʻrtasidagi bordi-keldi aloqalarini, balki, hududlararo sayyohlik salohiyatini oshirishga ham xizmat qiladi. Zero, Andijon viloyatida eng koʻp sayyohlar oqimini qirgʻizistonlik qardoshlarimiz tashkil etadilar. 2022-yilda ularning soni 110 ming nafardan iborat boʻlgan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkich 114 ming nafarga yetishi koʻzda tutilgan. Yangi manzillar, yangi imkoniyatlar bu kabi doʻstona aloqalarimizning yanada mustahkamlanishiga zamin yaratdi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring