Oʻzbekistonning Vatikandagi yangi elchisi tayinlandi

10:45 16 Dekabr 2025 Jamiyat
398 0

Foto: “Dunyo”

Oʻzbekistonning Ispaniyadagi elchisi Farrux Tursunov Rim Papasi Lev XIV ga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Vatikanning Havoriylar saroyida oʻtgan suhbat chogʻida elchi Oʻzbekistonda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, demokratik institutlarni mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlar haqida toʻxtalib oʻtgan. Shu bilan birga, Rim papasiga Oʻzbekiston Prezidentining samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.

Rim papasi Lev XIV ham Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga chuqur hurmat-ehtiromini izhor etgan. U Oʻzbekiston va Vatikan oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganidan buyon oʻtgan 33-yil davomida turli millat va din vakillari oʻrtasida doʻstlik va oʻzaro anglashuvni mustahkamlashga qaratilgan mustahkam hamkorlik salohiyati shakllanganini taʼkidlagan.

Shuningdek, u Samarqandning Sharq va Gʻarb dunyosiga taʼsir koʻrsatadigan falsafiy va diniy tafakkurning yirik markazi sifatidagi ahamiyatiga alohida eʼtibor berdi. Oʻzbekiston anʼanaviy ravishda dinlararo totuvlik va bagʻrikenglik tamoyillarini ilgari surish tarafdori ekani, bu boradagi xalqaro tashabbuslarni faol qoʻllab-quvvatlayotgani taʼkidlangan.

Uchrashuv yakunida Rim papasi Lev XIV oʻzbek xalqining gullab-yashnashi uchun ibodat qilishini taʼkidlab, Oʻzbekiston va Vatikan oʻrtasidagi doʻstlik va konstruktiv hamkorlik yanada mustahkamlanishini tilagan.

Maʼlumot uchun, Farrux Tursunov Oʻzbekistonning Ispaniyadagi elchisi hisoblanadi. Diplomat 2024-yil 9-aprel kuni Ispaniya Qiroli Filipp VI ga ishonch yorliqlarini topshirgan. Bundan tashqari, u 2025-yil 11-mart kuni oʻrindoshlik asosida Andorra hamraisi, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronga ishonch yorliqlarini topshirgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?