Oʻzbekistonning to‘rt hududida “zakladchik”lar qoʻlga olindi
Videodan kadr
Davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida 12 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositasi fosh etildi. Bu haqda “Xavfsizlik” Telegram kanalida xabar berildi.
Xususan, Andijon viloyati Xoʻjaobod tumani hududida harakatlanayotgan, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi, 1991-yilda tugʻilgan, muqaddam sudlangan shaxsga tegishli BYD rusumli avtotransport vositasi toʻxtatilib, koʻzdan kechirilgan.
Natijada uning salon qismida 6 dona polietilen oʻramlarda boʻlgan, jami 5 kg 946 gr “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi borligi aniqlangan. Maʼlum boʻlishicha, u ushbu ajal ogʻusini narkokuryerlar tomonidan “zakladka” tarzida qoldirilgan joydan olib, Toshkent shahriga ketayotgan boʻlgan.
Boshqa bir holatda esa xorijdan kuryerlik joʻnatmasi orqali qandolat mahsulotlari orasiga yashirgan holda yuborilgan 350 gr “Klefedron” sintetik narkotik moddasini qabul qilib olgan vaqtida Chilonzor tumanida yashovchi, 2006-yilda tugʻilgan shaxs ushlangan.
Soʻngra tezkor tadbir davom ettirilib, uning sherigi boʻlgan – Yashnobod tumanida yashovchi, 1991-yilda tugʻilgan shaxs ham jinoyat ustida qoʻlga olingan.
Aniqlanishicha, mazkur fuqaro oʻzining yashash xonadonida narkolaboratoriya tashkil qilgan boʻlib, undan taxminiy ogʻirligi 5,3 kg boʻlgan sintetik giyohvand moddalar, gashish va marixuana moylariga oʻxshash moddalar, elektron tarozilar, kolba idishlar, uyali aloqa vositalari va laboratoriyada foydalaniladigan moslamalar ashyoviy dalil sifatida olingan.
DXX Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda ichki ishlar va Bojxona organlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Fargʻona viloyatining Buvayda tumanida yashovchi, 1981-yilda tugʻilgan, muqaddam sudlangan shaxs Qirgʻiz Respublikasidan Andijon viloyatiga noqonuniy olib oʻtilgan 1 kg 23 gr “geroin” moddasini shartli xaridorga 18,5 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida qoʻlga olingan.
Sirdaryo viloyatida qayd etilgan holatda, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi, 1993, 1996 va 1997-yillarda tugʻilgan 3 nafar shaxs ketayotgan “Cobalt” rusumli avtotransport vositasi DXX, Ichki ishlar hamda Bojxona organlari xodimlari hamkorligida Sayxunobod tumanidagi “Sayxun” YPX maskanida toʻxtatilib, xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilgan.
Natijada, avtomashinaning eshik qismidagi xufiyona joyga 2516 dona “Regapen” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari yashirilganligi aniqlangan. Maʼlum boʻlishicha, ular ushbu dori vositalarini muqaddam kuryerlar tomonidan Qoʻqon shahridagi “zakladka” tarzida qoldirilgan joydan olishgan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring