O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hamda ma’naviy hayotida xotin-qizlarning o‘rni sezilarli ravishda kengaymoqda — Tanzila Narbayeva

13:07 13 May 2024 Siyosat
255 0

Foto: Yunus Boʻriyev, Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Ayni damda O‘zbekistonda ilk bor “Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv” mavzusida Osiyo xotin-qizlari xalqaro forumi bo‘lib o‘tmoqda. Forumda hamisha qadimiy va navqiron Samarqand mezbonlik qilmoqda.

Forumni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva ochib berib, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tadbir ishtirokchilariga murojaatini o‘qib eshittirdi. Murojaatda O‘zbekistonning gender tenglikni ta’minlash, mustahkamlash borasida yuqori o‘rinlarda ekanligi alohida qayd etildi.

“Mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hamda ma’naviy hayotida, muhim qarorlar qabul qilinishida xotin-qizlarning ishtiroki sezilarli ravishda kengayib bormoqda. Qisqa davr ichida sohaga doir xalqaro standartlarga mos milliy qonunchilik bazasi shakllantirildi, so‘nggi 5 yilda 80 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligi bunga yorqin misoldir. “Xotin-qizlar va erkaklarga teng xuquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida” hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi muhim qonunlar qabul qilindi va amaliyotga joriy etildi”, dedi Senat raisi.

Tanzila Narbayeva, shuningdek, ayollar uchun imtiyozli kreditlar, maxsus kvotalar ajratilgani, magistraturada o‘qiydiganlarning kontrakt to‘lovlari to‘liq davlat byudjetidan qoplab berilishini davlat o‘z zimmasiga olgani va natijada bugungi kunga kelib qiz bolani o‘qitmaslik, uyda o‘tirishi kerak degan stereotiplarga barham berilayotganini qayd etdi.“Hozirda oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan talabalarning yarmidan ko‘pini qizlar tashkil etmoqda. Agar oliy ta’limga qamrovning 2017 yildagi 9 foizni hozirgi 43 foiz qamrov bilan solishtirsak, oliy ta’limda qizlar ulushi keskin ortganini ko‘rishimiz mumkin”, dedi u.

Foto: Yunus Boʻriyev, Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер