Oʻzbekistonlik paralimpiya sportchilarida doping aniqlandimi? Antidoping agentligi direktori javob berdi

12:49 24 Avgust 2021 Sport
938 0

Xabaringiz bor, Yaponiya poytaxti Tokio shahrida Paralimpiya oʻyinlari boshlanish arafasida. Xoʻsh, sportchilarning tayyorgarlik jarayonida Agentlik nimalarni amalga oshirdi? “Xalq soʻzi”ning shu kabi savollariga  Oʻzbekiston delegatsiyasi bosh shifokori Milliy antidoping agentligi bosh direktori Nodirjon Tursunov javob berdi.

- Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik jarayonida Agentlik tomonidan qanday ishlar amalga oshirildi?

Bugun Tokio-2020 Paralimpiya oʻyinlariga start beriladi. Oʻzbekiston paralimpiya sport delegatsiyasi Yaponiyaga 20-avgust kuni joʻnab ketadi. Paralimpiya sportchilari bilan deyarli 2 yil avval reja asosida tayyorgarlik ishlari boshlanib, barcha 8 ta paralimpiya sport turlari boʻyicha shugʻullanayotgan sportchilar, ularning murabbiylari hamda tibbiyot xodimlari bilan 60 dan ortiq antidoping seminarlari, davra suhbatlari va mahorat maktablari shaklida targʻibot-tashviqot ishlari olib borildi.

Ushbu tadbirlarda 300 ga yaqin sportchilar, shu jumladan, Tokio-2020 Paralimpiya oʻyinlarida ishtirok etish uchun litsenziya olgan paralimpiyachilarimiz faol jalb etilib, ishtiroki taʼminlangandi. Antidoping taʼlim seminarlari Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi negizida hamda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida biriktirilgan oʻquv-mashgʻulot bazalarida amalga oshirildi. Pandemiya davrida sportchilarning salomatligi uchun xavf tugʻdirmaslik hamda qoʻshimcha qulay sharoit yaratish maqsadida seminarlarning bir qismi onlayn vebinarlar shaklida tashkil etildi.

- Sportchilardan olingan doping-sinamalar haqida maʼlumot bersangiz.

Antidoping tayyorgarligimizning boshqa yoʻnalishi - bu sportchilardan davriy doping-sinamalarni olib, natijalarini oʻrganishdir. Aytib oʻtish joizki, soʻngi ikki yil ichida paralimpiya sportchilarimizdan 255 ta doping-sinama (jami doping-sinamalarning umumiy soniga nisbatan 42.1%) olinib, ularning deyarli barchasida toza, taqiqlangan moddalardan holi natijalar qayd etildi.  

- Olimpiada oʻyinlarida Milliy antidoping agentliklarining ishtiroki qay darajada boʻlishi kerak. Umuman bu kerakmi?

- Xabaringiz bor, Xalqaro olimpiya va paralimpiya qoʻmitalari hamda Butunjahon antidoping agentligining qoʻshma bayonotiga koʻra, Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlaridan boshlab barcha keyingi oʻyinlar hamda yirik qitʼaviy oʻyinlarda (biz uchun bu Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari) milliy sport delegatsiyalarning tarkibiga milliy antidoping agentliklarining vakillarini kiritib oʻyinlarga safarbar etish tavsiya etilgan. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad shuki, dunyoda doping bilan bogʻliq turli mojarolar vaqt sayin koʻpayib, oʻyinlarda antidoping sohasida sportchilarning haq-huquqlarini himoya qilish, tegishli majburiyatlarining mazmuni va mohiyati toʻgʻrisida xabardor etib turish, doping-sinamalar topshirish chogʻida ularga qonuniy vakil va malakali hamroh vazifasini oʻtab, sportchining fikr-xayoli buzilmasligi va faqat muvaffaqiyatli chiqishlari haqida bosh qotirishini taʼminlashdir.

Taʼkidlash lozimki, yaqinda boʻlib oʻtgan Olimpiada oʻyinlariga AQSH sport delegatsiyasining tarkibida 16 nafar, Rossiya - 7 nafar, Qozogʻiston - 2 nafar milliy antidoping agentligi mutaxassislarini yuborishdi.

Oʻz navbatida Agentligimiz uchun bu kabi yirik sport musobaqalarda doping-nazorati jarayonining tashkil etishni yaqindan kuzatib oʻrganish boʻyicha katta amaliy mahorat maktabidir. Chunki, sir emas, yildan yilga Oʻzbekiston koʻplab xalqaro miqyosidagi nufuzli sport tadbirlariga mezbonlik qilmoqda va ularning eng yirigi - yoshlar oʻrtasida “Toshkent-2025” Osiyo oʻyinlaridir. Tabiiyki, ularni tashkil etishdagi har bir jihati, shu jumladan, doping nazorati ham yuqori saviyada boʻlishi talab etiladi.

Afsuski, sport delegatsiyasining tarkibi shakllantirilishi jarayonida bir necha bor qilgan murojaatlarimizga qaramasdan, Milliy olimpiya qoʻmitasi Agentlikdan tavsiya etilgan bironta mutaxassisni delegatsiya tarkibiga kiritishga imkon topmadi. Buning aksi oʻlaroq, Tokio-2020 Paralimpiya oʻyinlarida ishtirok etadigan sport delegatsiyasining tarkibidan Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligining vakili joy oldi. Bu esa yuqorida taʼkidlab oʻtganimizdek sportchilarimizni huquqlarini himoya qilishda asosiy omil hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?