Oʻzbekistonga «tosh otgan» chet elliklar mamlakatga kiritilmaydi. Deputatlar qonun loyihasi ishlab chiqdi

Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan «Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati toʻgʻrisida»gi qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar berdi.
Deputatlarning fikricha, ushbu qonun loyihasi globallashuv sharoitida Oʻzbekiston suvereniteti va hududiy yaxlitligini muhofaza qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilash zaruratidan kelib chiqqan.
Kiritilishi kutilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga koʻra, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasida boʻlishi nomaqbul deb topish asoslari va tartibi belgilanadi.
Qaror loyihasiga koʻra, Oʻzbekistonning davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga zid, davlatlararo, ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni keltirib chiqaruvchi, Oʻzbekiston xalqining shaʼnini, qadr-qimmatini yoki tarixini tahqirlovchi bayonotlar bilan ommaviy chiqishlar qilish yoxud harakatlar sodir etish ularni Oʻzbekistonda boʻlishi nomaqbul deb topish uchun asos boʻladi.
Shuningdek, mamlakatda boʻlishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga besh yil davomida Oʻzbekistonga kirish, banklarda hisob-varaq ochish, koʻchmas mulk sotib olish, davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etish, moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishish taqiqlanadi.
Qarorda qoʻshimcha qilinishicha, Oʻzbekistonda vaqtincha turgan yoki doimiy yashaydigan chet el fuqarosi yoki vaqtincha turgan fuqaroligi boʻlmagan shaxsning mamlakatda boʻlishi nomaqbul deb topilishi uning Oʻzbekiston hududida qonuniy asoslarda yashash va boʻlish huquqini bekor qilishga hamda mazkur shaxs deportatsiya qilishga sabab boʻladi.
Xususan, shaxs mamlakatda boʻlishi nomaqbul deb topilganligi toʻgʻrisida Tashqi ishlar vazirligi xabarnomasini olgan kundan eʼtiboran 10 kun ichida ixtiyoriy ravishda Oʻzbekistondan chiqib ketishi kerak. Agar ushbu muddat ichida ixtiyoriy ravishda chiqib ketmasa, mazkur shaxs ichki ishlar organlari va boshqa vakolatli organlar tomonidan deportatsiya qilinadi, yaʼni majburiy tarzda chiqarib yuboriladi.
«Qonun loyihasi Oʻzbekistonning davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligini mustahkamlashga, yurtimizda davlatlararo, millatlararo, dinlararo ahillik, totuvlikni himoya qilishga hamda Oʻzbekiston xalqining shaʼni, qadr-qimmati va tarixi hurmat qilinishini taʼminlashga qaratilgan», deyiladi xabarda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Sardobaning siri nimada?
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring