Oʻzbekistonga qish qaytmoqda! Dam olish kunlari qor yogʻadi

14:44 12 Mart 2021 Jamiyat
1813 0

Bugun kechasi shimoliy hududlarga Rossiyaning (Moskva viloyati) Yevropa hududlari ustida shakllangan sovuq va nam havo massalari kirib kelishi boshlandi. Qoraqalpogʻistonda baʼzi joylarda qor yogʻdi, shamolning 17-22 m/s gacha kuchayishi kuzatildi, ayrim joylarda shamolning kuchayishi 23-28 m/s gacha yetdi. Havo harorati bugun kunduz kuni 2-7° iliqdan oshmaydi.

Oʻzbekistonning qolgan hududlarida bahoriy iliq ob-havo saqlanib turadi, kunning oʻrtasiga kelib, havo harorati 17-22° iliqgacha koʻtariladi, bu meʼyordan 3-5° ga yuqoridir. Faqat janubi-gʻarbiy hududlarga Eron hududlaridan nam havo massalari kirib kelishi boshlanadi, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlarida kechga tomon baʼzi joylarda yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.

Ertaga nam havo massalari Oʻzbekistonning barcha hududlariga tarqaladi, Respublika hududlarining koʻp qismida yomgʻir yogʻadi, baʼzi joylarda kuchli boʻladi. Fargʻona vodiysi viloyatlarida faqat kechki soatlarda yomgʻir yogʻishi mumkin. Havo harorati kechasi va kunduz kuni 10-15° iliq atrofida boʻladi. Shimoliy hududlar sovuq taʼsiri ostida boʻladi. Qoraqalpogʻistonda baʼzi joylarda biroz qor yogʻishi mumkin, Xorazm viloyatida qor yogʻadi, baʼzi joylarda kuchli boʻlishi mumkin. Harorat shimoliy hududlarda 3-8° sovuqgacha pasayadi.

14-martda respublikaning barcha hududlari sovuq antitsiklon taʼsiri ostida boʻladi. Markaziy va sharqiy tumanlarda asosan qor koʻrinishidagi yogʻingarchilik, baʼzi joylarda kuchli boʻladi. Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida faqat kechasi va ertalabki soatlarda yogʻingarchilik boʻladi. Shimoliy hududlarda yogʻingarchilik boʻlishi ehtimoli kam. Havo harorati kechasi va kunduz kuni 2° sovuq-3° iliq, shimolda kechasi 10-15° sovuq, kunduz kuni 2-7° sovuq atrofida boʻladi.

Respublika hududining koʻp qismida 12-14-martda shamolning 17-22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, baʼzida esa 23-28 m/s gacha kuchayishi mumkin.

15-martda kechasi sovuq antitsiklon taʼsiri kuchayadi, havo harorati 2-7° sovuqgacha pasayadi. Kunduz kuni esa harorat koʻtarila boshlaydi va 3-8° iliqni tashkil etadi, bu mart oyi oʻrtasi uchun meʼyoriy qiymatlardan 8-10° ga past boʻladi.

Qor yogʻishi va past harorat Respublikamizning yoʻllarida yaxmalak hosil boʻlishiga olib kelishi mumkin.

Togʻlarda qor koʻchkilari tushishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер