Oʻzbekistonda “Yosh tadbirkorlar” chempionati oʻtkaziladi

14:34 20 Avgust 2025 Siyosat
124 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugungi kunda Oʻzbekistonda 600 dan ziyod startaplar faoliyat yuritmoqda. Sakkiz yil ilgari ularning soni barmoq bilan sanarli edi.

“Eʼtibor bering, yetti oyni oʻzida startaplarga rekord miqdorda – 264 million dollar xorijiy investitsiya keldi. Bu 2024-yil davomida kirgan sarmoyalardan 4 barobar koʻp. Shu bois startaplarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni yanada jonlantiramiz”, dedi Prezident.

Yoshlarning 1 mingta startap gʻoyasi tijoratlashtiriladi va shundan 200 tasi xalqaro bozorga olib chiqiladi.

Eng ilgʻor texnologiyalar olib kelinib, 100 ta mahalliy startap xalqaro miqyosda jozibador biznesga aylantiriladi. Bunga 100 million dollar beriladi.

Bu yildan boshlab, “Yosh tadbirkorlar” chempionati oʻtkaziladi. Eng yaxshi 100 ta gʻoya tanlab olinib, har bir startap uchun 1 milliard soʻmgacha investitsiya kiritiladi.

Bu loyihalarni brendga aylantirish uchun moliyaviy va marketing xizmatlari boʻyicha ekspertlarning xarajatlari qoplab beriladi.

“Gʻoliblarni 20-avgust – Tadbirkorlar kunida taqdirlasak, oʻylaymanki, yosh tadbirkorlarga bu ham katta motivatsiya boʻladi”, dedi davlat rahbari.

IT, fintex va startaplarga keng yoʻl ochilgani natijasida marketpleyslar soni uch yil ichida 24 tadan 163 taga koʻpaydi.

Tadbirkor va hunarmandlar oʻz mahsulotlarini raqamli platformalar orqali eksport qilishga oʻrgandi. Ular anʼanaviy eksportdagi kabi milliy va xorijiy marketpleyslarda chetga sotgan tovari uchun QQSni qaytarishni soʻragan.

Mutasaddilarga buning tartibini tasdiqlab, amaliyotga joriy qilish topshirildi.

Umuman, fintex-startaplarni koʻpaytirish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha besh yillik strategiya qabul qilinadi. Raqamli moliyaviy xizmatlarni koʻpaytirish uchun banklar, fintex kompaniyalar va startaplar oʻrtasida koʻprik boʻladigan yangi ekotizim – “ochiq banking” joriy qilinadi.

Bularning hisobiga yaqin yillarda startap loyihalarga kiritilayotgan investitsiyalar hajmi hozirgidan 10 karra oshadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер