Oʻzbekistonda yana bir xalqaro hujjat ratifikatsiya qilinadi

Keyingi yillarda mamlakatimizda inson qadr-qimmati, ayniqsa, nogironligi boʻlgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, toʻsiqsiz muhit yaratish, ularni jamiyatga integratsiya qilish borasida izchil va keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Nogironligi boʻlgan shaxslar mamlakatning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy hamda madaniy hayotida faol ishtirok etishi uchun zarur huquqiy, tashkiliy shart-sharoitlar yaratilmoqda. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining shu masala boʻyicha muhim qaror va farmonlari qabul qilingani nogironligi boʻlgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni umidsizlik hamda ishonchsizlik kayfiyatidan xalos etish, hayotga intilishini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari bilan bogʻliq masalalarni hal etish, avvalo, qonunchilikni takomillashtirishni taqozo etadi. Shundan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyani (Nyu-York, 2006-yil 13-dekabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda koʻrib chiqdilar.
Taʼkidlanganidek, Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlari bilan bogʻliq muammolarni kompleks va tizimli hal qilish, shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilishni kuchaytirish, ularni davlat va jamiyat hayotida toʻlaqonli ishtirok etishlari uchun zamin yaratadi.
Shuningdek, mazkur hujjat mamlakatimizda nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari hamda ularning imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish maqsadlarida olib borilayotgan ishlar koʻlamini kengaytirishda xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning maqsadli resurslarini jalb qilish imkonini beradi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuboriladigan boʻldi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring