Oʻzbekistonda shoir Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200-yilligi keng nishonlanadi
Prezidentning “Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori imzolandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qarorga koʻra, shoirning “Tanlangan asarlar” toʻplami oʻzbek va qoraqalpoq tillarida nashr qilinadi. Uning hayoti va faoliyatiga bagʻishlab yaratilgan badiiy, ilmiy-ommabop asarlar qayta chop etiladi va taqdimotlari oʻtkaziladi.
Davlat buyurtmasiga binoan Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan sahna asarlari hamda “Ajiniyoz” badiiy-publitsistik filmi yaratiladi. Nukus shahrida shoir ijodiga bagʻishlangan “Ayt, sen Ajiniyozning qoʻshiqlaridan” mavzusida mamlakat yosh ijodkorlarining tanlovi, ijod maktablari oʻquvchilari oʻrtasida Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli hayoti va ijodiga bagʻishlangan insholar tanlovi oʻtkaziladi.
2024-yilning sentyabr oyida Badiiy akademiyaning Markaziy koʻrgazmalar zalida Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining hayoti va ijodiga bagʻishlangan kitoblar, tasviriy sanʼat asarlari va xalq amaliy sanʼati namunalari koʻrgazmasi oʻtkaziladi. Oktyabr oyida Qoraqalpoq davlat universiteti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining adabiy merosini oʻrganish mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar uyushtiriladi.
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida shoir muzeyi tashkil qilinadi. Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining Moʻynoq tumanidagi qabri obodonlashtiriladi va unga yodgorlik oʻrnatiladi. Mazkur tumanda Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli nomidagi ekopark barpo etiladi.
Mamlakatdagi oliy va oʻrta maxsus, professional, umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli yozuvchi va shoirlar, olimlar ishtirokida Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200-yilligiga bagʻishlangan uchrashuv va adabiy kechalar uyushtiriladi.
2024-yilning noyabr oyida Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatri hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik teatrida Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200-yilligiga bagʻishlangan tantanali adabiy-badiiy xotira kechalari tashkil etiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring