Oʻzbekistonda Prezidentlik saylovida qancha xotin-qiz ovoz beradi?

07:24 20 Oktyabr 2021 Jamiyat
419 0

Xalqaro media-xollda 18-oktyabr kuni “Xotin-qizlarning saylov huquqlari kafolatlari hamda saylovlarda ularning faolligini oshirishning dolzarb masalalari” mavzusidagi konferensiya boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisi, Markaziy saylov komissiyasi raisi, Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining birinchi oʻrinbosari ishtirok etdi.

“Odatda saylov oʻtgandan soʻng har bir jarayon chuqur oʻrganiladi va tahlil qilinadi. Shu bilan birga, qonunchilikni takomillashtirish masalalari ham koʻrib chiqiladi. Shuni aytishimiz mumkinki, bu yilgi prezident saylovi mutlaqo yangicha ruhda, yangicha kayfiyatda boʻlib oʻtmoqda” – dedi Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva.

Taʼkidlanishicha, bugungi kunda Prezidentlik saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalari aʼzolarining 102 nafari va uchastka saylov komissiyalari aʼzolarining 65 ming 974 nafarini xotin-qizlar tashkil etmoqda. 2019-yil Qonunchilik palatasiga boʻlib oʻtgan saylovda uchastka saylov komissiyalarining tarkibida 54 ming 361 nafar ayol ishtirok etgan. Bu yilgi raqamlar bilan solishtirganda ushbu koʻrsatkich 21,3 foizga oshganligini koʻrish mumkin.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan oʻtgan davr mobaynida Prezidentlik sayloviga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazishga doir 19 ta qaror va jami 15 ta normativ-huquqiy xujjatlari qabul qilingan. Shu bilan birgalikda, joylarda Prezidentlik saylovini oʻtkazuvchi 14 ta saylov okruglari va 10 760 ta saylov uchastkalari tuzilib, saylovga tayyor holga keltirilgan.

Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovning barcha bosqichlarida hotin-qizlarning munosib ishtirok etishini kuzatuvchi 11 ta Indikatorlar ishlab chiqildi:

1. Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari;

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalarning aʼzolari;

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov oʻtkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining aʼzolari;

4. Siyosiy partiyaning vakolatli vakillari;

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning ishonchli vakillari;

6. Siyosiy partiyalardan kuzatuvchilar;

7. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar;

8. Akkreditatsiyadan oʻtkazilgan OAV vakillari;

9. Saylov tashkilotchilarini oʻqitish jarayoniga jalb qilingan Respublika trenerlari tarkibida;

10. Ana shunday hududiy trenerlar tarkibida;

11. Saylovchilar.

Ushbu indikatorlar bu yilgi saylov kampaniyasidan boshlab amaliyotga tatbiq qilinmoqda. Bugungi kunga qadar akkreditatsiyadan oʻtkazilgan mahalliy va xorijiy OAV vakillarining 1565 nafaridan 437 nafarini (32,6%) xotin-qizlar tashkil qilmoqda.

Maʼlum qilinishicha, saylovchilarning yagona elektron roʻyxatidagi saylovchilarning 17-oktyabr holatiga 10 762 291 nafari (50,6%) ayollar tashkil etadi.

Madina Gʻuzorova, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?