Oʻzbekistonda maktab bitiruvchilarini oliy taʼlimga qamrab olish darajasi soʻnggi 7 yilda 4 karra oshdi

13:41 30 Sentyabr 2024 Siyosat
185 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Oʻtgan davrda ilgari eʼtibordan chetda qolgan yoʻnalishlar, xususan, pedagogik taʼlimga, uning ilmiy, nazariy va amaliy asoslariga eʼtibor kuchaytirildi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼlim-tarbiya sohasi vakillari bilan oʻtgan muloqotda maʼlum qildi.

Kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etish uchun oliygohlarda sirtqi taʼlim shakli tiklandi.

Oʻqituvchilarga mahorati va erishgan yutuqlariga qarab toʻlanadigan ustamalar soni 3 tadan 17 taga oshirildi.

Oʻz ustida astoydil ishlagan, xorijiy sertifikat olgan 6 ming oʻqituvchi 10 million soʻmdan ziyod maosh olmoqda. 2020-yilda bunday oʻqituvchilar 102 nafar boʻlgan.

Albatta, bu hali yetarli emasligi, lekin ushbu raqam keyingi ikki yilda 5,3 barobar oshgani taʼkidlandi.

Oʻtgan 5-yilda maktab taʼlimida, taʼbir joiz boʻlsa, lokomotiv vazifasini bajaradigan 14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Ana shu maktablar dasturlari asosida tabiiy va aniq fanlar boʻyicha zamonaviy darsliklar yaratilmoqda.

Eng muhimi, bu maktablar aniq samara bera boshladi. Ushbu maktablarni bitirgan 100 nafar yigit-qiz dunyoning TOP-100 oliygohlarida tahsil olmoqda.

Prezident maktablaridagi baholash tizimi hozir 500 ta umumtaʼlim maktabida qoʻllanmoqda. Baholashni samarali yoʻlga qoʻygan 66 ta maktab jamoasiga 40 foizgacha ustama toʻlanmoqda.

Mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni seleksiya yoʻli bilan tanlab olish boʻyicha ilgari boʻlmagan yangi tizim yoʻlga qoʻyildi.

Natijada bu yilning oʻzida xalqaro fan olimpiadalarida oʻquvchilarimiz 122 ta medalni qoʻlga kiritdi.

Maktab bitiruvchilarini oliy taʼlimga qamrab olish darajasi soʻnggi 7-yilda 4 karra oshdi.

Bu yil 310 ming nafar oʻgʻil-qizlarimiz oliygoh talabalari boʻldi. Ana shu yoshlarning qariyb yarmi qizlardir.

Bunday natija ilgari hech qachon boʻlmagan.

“Yana bir bor aytaman: qancha islohot qilmaylik, birinchi navbatda oʻqituvchining bilimi va kasb mahoratini oshirmas ekanmiz, sifatli taʼlimni taʼminlay olmaymiz”, dedi Prezident.

Bugungi kunda davlat taʼlim muassasalarida 46 ming nafar, xususiy tashkilotlarda esa 38 ming nafar pedagog 5-yil davomida malaka oshirmagani afsus bilan qayd etildi.

Bu yil attestatsiya jarayonlari shaffof boʻlishi uchun sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar qoʻllandi. Natijada 198 ming oʻqituvchidan 21 ming nafari malaka boʻyicha yetarli ball toʻplay olmadi.

Bu barchamizni tashvishga solishi kerak boʻlgan holat ekani koʻrsatib oʻtildi.

“Bugungi ochiq muloqotimiz salkam bir asrlik tarixga ega boʻlgan Abdulla Avloniy nomidagi malaka oshirish institutida oʻtayotgani albatta bejiz emas.

Men yigʻilishdan oldin hozirgi kunda mutlaqo yangicha qiyofaga ega boʻlgan institutda yaratilgan sharoitlar, oʻqituvchilar malakasini oshirish boʻyicha yangi tizim taqdimoti bilan tanishdim.

Bundan buyon taʼlim sifatini yangi bosqichga koʻtarish uchun ishni 7 ta yoʻnalishda tashkil etamiz”, dedi Prezident.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?