Oʻzbekistonda Madaniy meros texnikumlari tashkil etiladi

10:36 01 Noyabr 2021 Hujjatlar
2111 0

“Turizm, madaniy meros va muzeyshunoslik sohalarida malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–5270-son, 30.10.2021-y.) qabul qilindi.

Qarorga koʻra, “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti etib qayta nomlandi.

Universitet Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlarning turizm, madaniy merosni boshqarish va muzeyshunoslik sohalarida kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy taʼlim muassasasi hamda ushbu sohalarni ilmiy va innovatsion tadqiq etish boʻyicha ilmiy muassasaga aylantirildi.

2022/2023 oʻquv yilidan Shahrisabz, Margʻilon va Xiva turizm va servis kollejlari negizida Shahrisabz, Margʻilon va Xiva turizm va madaniy meros texnikumlari (Madaniy meros texnikumlari) tashkil etiladi.

Shuningdek, Toshkent turizm va servis kolleji negizida Universitetning Toshkent filiali tashkil etildi.

Universitet huzurida quyidagilar oʻz faoliyatini boshlaydi:

– “Ipak yoʻli” xalqaro tadqiqot instituti;

– “Ipak yoʻli” muzeyi;

– “Ipak yoʻli” art-rezidensiyasi;

– “Ipak yoʻli” sanʼat galereyasi;

– Restavratorlarni qayta oʻqitish va malakasini oshirish markazi.

Har yili Universitetga Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi hamda Turkiy tilli davlatlar Hamkorlik Kengashiga aʼzo mamlakatlar fuqarolariga magistraturada davlat granti asosida taʼlim olish uchun 85 ta oʻrin ajratiladi.

Universitetning xorijiy professor-oʻqituvchilari va izlanuvchilari uchun xizmat turar joyi sifatida 20 ta uy-joy ajratib beriladi.

“El-yurt umidi” jamgʻarmasining 2022–2026-yillarda xorijdagi nufuzli taʼlim muassasalarida turizm, madaniy meros va muzeyshunoslik yoʻnalishlarida doktorantura (PhD) va magistraturada oʻqitish dasturi joriy qilinadi.

Dastur doirasida 50 nafar iqtidorli mutaxassis (40 nafari magistratura va 10 nafari doktorantura (PhD) bosqichida) oʻqitiladi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?