Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Sharof Boshbekov vafot etdi

17:08 26 Yanvar 2022 Jamiyat
600 0

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, “Mehnat shuhrati”ordeni sohibi, taniqli dramaturg, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Sharof Boshbekov 2022-yilning 26-yanvar kuni olamdan oʻtdi. Bu haqda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Sharof Boshbekov 1951-yil 4-yanvarda Samarqand viloyati Bulungʻur tumani Gʻubir qishlogʻida tugʻilgan. 1974-yili Toshkent teatr va rassomchilik sanʼati institutini tamomlagan. Oʻqishni tugatgach, Muqimiy nomidagi davlat musiqali teatri, Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida faoliyat koʻrsatgan. Shundan soʻng Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi (1983-1985), Oʻzbekiston Milliy davlat akademik drama teatrida (1986-1987) adabiy xodim boʻlib xizmat qildi.

Sharof Boshbekov yozuvchilik ijodini 1980-yilda “Taqdir eshigi” nomli komediya bilan boshlagan. Shundan soʻng adibning birin-ketin yozilgan “G” varianti” (1981), “Gʻurur” (1982), “Jumboq” (1986) hikoyalari, “Tikansiz tipratikanlar”, “Musiqa sayyorasi”, “Tentak farishtalar”, “Tushov uzgan tulporlar” (1983) dramasi, “Eshik qoqqan kim?” (1987), “Eski shahar gavroshlari” (1998), “Temir xotin” (1989) kabi jiddiy komediyalari oʻzbek dramaturgiyasi xazinasini boyitdi. “Temir xotin” komediyasi nafaqat respublikamiz, balki boshqa mamlakatlar teatrlarida ham sahnaga qoʻyildi. Mazkur asar avval Respublika miqiyosida oʻtkazilgan teatr festivalida bosh sovrin – “Gran-pri”ni qoʻlga kiritdi, soʻngra Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida oʻtkazilgan teatr festivalining mutloq gʻolibi, deb topildi. Ushbu pyesa asosida badiiy film, operetta ishlandi. Asar 1989-yilda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Maqsud Shayxzoda nomidagi yillik mukofotiga loyiq topildi.

“Eshik qoqqan kim boʻldi?” (1989), “Falakning gardishi” (2009), “Musofir boʻlmaguncha” (2009), “Tentak farishta” (2010), “Charxpalak” (2017), “Tanlangan asarlar” (“2021”) kabi toʻplamlari nashr etilgan.

Adib drama va kinoqissalardan iborat “Tanlangan asralar” kitobi uchun 2021-yili Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Yilning eng yaxshi asari” tanlovi gʻolibi boʻldi.

Sharof Boshbekov 1996-yili “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, 2001-yili “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi jamoasi koʻp sonli aʼzolari va adabiyot muxlislari nomidan adibning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер