Oʻzbekistonda “Kelajak avlod uchun aqlli qishloq xoʻjaligi” loyihasi yakunlandi

17:38 16 Sentyabr 2025 Iqtisodiyot
108 0

Toshkentda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan Koreya Respublikasi Hukumatining moliyaviy koʻmagida amalga oshirilgan “Kelajak avlod uchun aqlli qishloq xoʻjaligi” loyihasining yakuniy milliy seminari boʻlib oʻtdi.

Besh yil davom etgan loyiha Oʻzbekistonda barqaror issiqxona sabzavotchiligi rivojiga katta hissa qoʻshdi. Fargʻona vodiysidagi 60 dan ortiq tomorqa xoʻjaliklari qoʻllab-quvvatlandi, benefitsiarlarning 65 foizini ayollar tashkil etdi. Issiqxonalar modernizatsiya qilindi, tomchilatib sugʻorish tizimlari, sifatli koʻchatlar va oʻgʻitlar bilan taʼminlandi. Dehqonlarga iqlim nazorati, changlatish, oʻsimliklarni oziqlantirish va zararkunandalarga qarshi integratsiyalashgan kurash boʻyicha amaliy yordam berildi.

Loyiha doirasida 900 dan ortiq dala tashriflari, 32 ta dala namoyishi va 20 dan ziyod trening mashgʻulotlari tashkil etilib, 300 dan ortiq dehqon, yoshlar hamda davlat va xususiy sektor vakillari bilimlarini oshirdi. Maxsus arilar yordamida changlatish, raqamli monitoring, urugʻ va koʻchat yetishtirish hamda hosilni yigʻib olingandan keyingi ilgʻor qayta ishlash texnologiyalari tatbiq etildi.

Natijada tomorqa egalari hosildorlik 55–76 foizga, daromadlar esa 159 foizgacha oshganini qayd etmoqda. Zararkunanda va kasalliklar bilan bogʻliq yoʻqotishlar kamayib, mahsulot sifati yaxshilandi va oziq-ovqat xavfsizligiga hissa qoʻshildi.

Loyiha, shuningdek, kichik issiqxonalarni rivojlantirish boʻyicha Milliy strategiya ishlab chiqilishiga zamin yaratdi. Strategiya iqlimga chidamli issiqxona infratuzilmasini rivojlantirish, maslahat xizmatlarini kuchaytirish hamda ayollar va yoshlar uchun arzon moliyaviy resurslarni kengaytirishni nazarda tutadi.

“Zamonaviy texnologiyalar va hamkorlik orqali hosildorlikni oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va qishloq oilalari farovonligini yaxshilash mumkinligi isbotlandi”, – dedi Qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Jamshidjon Abduzuxurov.

Seminar Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutidagi Namoyish issiqxonasiga tashrif bilan yakunlandi. FAO vakillari bu natijalar kelgusida Baxmal tumanida ham qoʻllanishini, shuningdek, Oʻzbekistonda orttirilgan tajriba Zambiya, Gonduras va Lesotodagi loyihalarda tatbiq etilishini taʼkidladi.

Mazkur loyiha Oʻzbekistonning agrooziq-ovqat tizimlarini barqaror transformatsiya qilishga tayyor ekanini koʻrsatdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер