Oʻzbekistonda ilk bor restavratorlar seminari oʻtkazilmoqda
Turizm va madaniy meros vazirligi va uning huzuridagi Madaniy meros agentligi tashabbusi bilan 5-6-oktyabr kunlari Samarqandda ilk bora “Oʻzbekistonda restavratsiya sanʼatini qayta tiklash madaniy meros va madaniy yodgorliklarni asrashga doir dolzarb masalalar” mavzusida restavratorlar seminari oʻtkazilmoqda.
Tadbirda Oʻzbekiston xalqining boy tarixi va madaniyatini aks ettiruvchi noyob va nodir madaniy merosini asrab-avaylashni kuchaytirish, sohani raqamlashtirish, innovasion rivojlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, jahonning ilgʻor tajribalarini samarali qoʻllash choralarini koʻrib chiqish maqsad qilingan. Ushbu seminarda Oʻzbekistonning barcha restavrator ustalari ishtirok etyapti.
Seminarni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — Turizm va madaniy meros vaziri A. Abduhakimov ochib berdi.
Taʼkidlanganidek, Vatanimiz hududidagi oʻtmishdan sado beruvchi koʻplab tarixiy obidalarning mahobati, oʻziga xos meʼmoriy uslubi, minglab yillar silsilasidan bizgacha yetib kelayotgani butun dunyoni lol qoldirmoqda. Mamlakatimizga sayyohlarning aksariyati ajdodlarimiz tomonidan bunyod etilgan muhtasham sanʼat asarlarini oʻz koʻzi bilan koʻrish, ulardagi ulugʻvorlikni his qilish uchun tashrif buyurishadi.
Umuman olganda, madaniy meros obyektlari, tarixiy obidalar bu faqatgina turizm obyekti emas, birinchi navbatda, bu xalqimizning boyligi hisoblanadi. Ularda millatimizning buyuk tarixi, madaniyati aks etgan.
Tan olish kerak, sohada mutaxassislar yetishmaydi, ayrim hollarda tarixiy obidalarni taʼmirlash, tiklash ishlari madaniy merosni qiymati, qadrini tushunmaydigan shaxslarga topshirilgan. Meʼmorchilik sanʼatining durdonalarini restavratsiya qilaman, taʼmirlayman deb tarixiy, badiiy qiymatiga shikast yetkazgan holatlar ham boʻlgan.
"Darhaqiqat, shonli tariximizdan darak beruvchi tarixiy qadamjolar, madaniy yodgorliklarni asrab-avaylash bugungi avlodning muhim vazifasi va burchidir. Madaniy meros obyektlarini taʼmirlash juda nozik ish. Shu bois ularni taʼmirlash va tiklash ishlariga oʻz ishining ustalarini, aynan oʻzbek meʼmorchiligi yoʻnalishdagi mutaxassislarni jalb etish muhim ahamiyatga ega. Aks holda, biz ularni tiklash oʻrniga, ularga tuzatib boʻlmaydigan darajada zarar yetkazishimiz mumkin.
Biz ushbu seminar orqali sohadagi kelgusi 10 yillik maqsad va vazifalarni belgilab olish, Oʻzbekiston restavratsiya sanʼatini butun dunyoga tarannum etishni niyat qilib olganmiz. Oʻylaymanki bugungi tashkil etilayotgan tadbir ham sohadagi yangi bilim va koʻnikmalarni oʻrganish, oʻzaro tajriba almashinuv uchun katta maktab boʻladi", — dedi Aziz Abduhakimov.
Aziz Abduhakimov, shuningdek, oʻz nutqi davomida yaqin vaqtlar ichida Oʻrta Osiyo restavratorlari qurultoyini tashkil etishni taklif qildi.
Ikki kun davom etadigan seminarda bir qator mutaxassislarning chiqishlari rejalashtirilgan boʻlib, ularda madaniy meros obyektlarini asrashga doir ishlarga malakali usta restavratorlarni jalb qilish, Oʻzbekiston imidjini koʻtarish, yutuqlarni ommalashtirish, sohadagi kamchiliklarni muhokama qilish va bartaraf etish choralarini koʻrish hamda anʼanaviy restavratsiya uslublarini qayta tiklash masalalari koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan.
Mamlakatimizda hozirgi kunga qadar 8 ming 210 ta moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyekti davlat muhofazasiga olingan boʻlib, shundan 4 ming 788 tasi arxeologiya, 2 ming 265 tasi arxitektura obyektlari, 625 tasi monumental sanʼat asarlari, 530 tasi diqqatga sazovor joylar hisoblanadi.
Soʻnggi uch yilda 250 dan ortiq madaniy meros obyektlari restavratsiya va konservasiya qilingan. Mazkur obyektlarga davlat byudjetidan 339 mlrd. soʻm mablagʻ sarflangan. Bugungi kunda respublikamizda 400 dan ortiq usta-restavratorlar bor.
Madaniy meros obyektlarini taʼmirlash va tiklash ishlariga oʻz ishining ustalarini, aynan oʻzbek meʼmorchiligi yoʻnalishdagi mutaxassislarni jalb etish muhim ahamiyatga ega.
Shu sababli Turizm va madaniy meros vazirligi hamda uning huzuridagi Madaniy meros agentligida sohadagi muammolarni bartaraf etish, madaniy meros obyektlarini asl holati boʻyicha taʼmirlashning tizimli mexanizmini joriy qilish maqsadida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi “Madaniy meros agentligi faoliyatini tashkil etish hamda sohani innovasion rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 5150-sonli qaroriga asosan, “Madaniy meros obyektlari restavratsiyasi direksiyasi”ning mintaqaviy restavratsiya maktablari tashkil etilishi belgilangan.
Shu munosabat bilan, Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi “Madaniy meros obyektlari direksiyasi” davlat muassasasining “Buxoro”, “Shahrisabz”, “Samarqand”, “Termiz”, “Qoʻqon”, “Xiva” mintaqaviy restavratsiya markazlari tashkil etilmoqda.
Mazkur restavratsiya markazlarining asosiy vazifasi madaniy meros obyektlarida ilmiy asoslangan loyihalar asosida taʼmirlash-tiklash va konservasiyalash ishlarini olib borish, madaniy merosimizni Oʻzbekistonda hamda xorijda keng targʻib qilish, uning noyob namunalarini saqlab qolish orqali kelajak yosh avlodga yetkazish belgilangan.
Endilikda har bir madaniy meros obyektlarining restavratsiya va konservasiya ishlari ushbu maktabning ilmiy xulosalari asosida amalga oshiriladi.
Xulosa sifatida taʼkidlash zarurki, oʻtmishdan bugungi kunga qadar zamonlar silsilasidan oʻtib kelayotgan milliy madaniy merosimizga boʻlgan munosabat soʻnggi yillarida tubdan oʻzgardi. Iqtisodiyotining strategik tarmogʻi sifatida rivojlanib kelayotgan turizm sohasida sayyohlarni jalb qilishning asosiy yoʻnalishlaridan biriga aylantirildi.
Ushbu seminar kelajakda anʼanaviy tarzda oʻtkazilishi maqsad qilingan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Barselona” La Ligada navbatdagi gʻalabasini qoʻlga kiritdi
- Bugun 2026-yilgi Jahon chempionatiga qurʼa tashlanadi
- Prezident poytaxtda transport tizimini yangilashga doir muhim qarorni imzoladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring