Oʻzbekistonda elektr energiyasini qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali ham olish boshlanadi

16:12 25 Mart 2025 Hujjatlar
1104 0

Oʻzbekistonda qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalari amalga oshiriladi. Mazkur yoʻnalishdagi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha Prezidentning 2025-yil 24-martdagi PQ-116-son, PQ-117-son va PQ-118-son qarorlari qabul qilindi.

Qarorlarga koʻra, Toshkent shahri va Andijon, Namangan, Fargʻona, Toshkent, Qashqadaryo hamda Samarqand viloyatlarida ekologik vaziyatni yaxshilash, chiqindilarni qayta ishlash sohasiga zamonaviy yechimlar va texnologiyalarni joriy etish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish koʻzda tutilgan.

Loyihalar doirasida sohaga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jalb etilib, chiqindilarni qayta ishlash natijasida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi “Oʻzenergosotish” aksiyadorlik jamiyatiga 30-yil davomida kafolatlangan tarzda sotilishi belgilandi.

Elektr energiyasini sotib olish va chiqindilarni yetkazib berish toʻgʻrisidagi bitimlar loyiha kompaniyalari bilan tuziladi. Bu esa chiqindilarni qayta ishlashni iqtisodiy jihatdan manfaatli va uzoq muddatli tarzda amalga oshirish imkonini beradi.

Qarorlarga muvofiq, investor va loyiha kompaniyalari 2025–2027-yillar davomida belgilangan hududlarda quyidagi ishlab chiqarish quvvatiga ega uskunalarni ishga tushirishni taʼminlaydi. Toshkent viloyatida kuniga 2,5 ming tonna chiqindilarni termik usulda qayta ishlash orqali 390 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Andijon, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida har biri kuniga 1,5 ming tonna chiqindilarni qayta ishlab, 240 million kilovatt-soat elektr energiyasi olish koʻzda tutilgan. Shuningdek, Namangan va Fargʻona viloyatlarida ham kuniga 1,5 ming tonna chiqindi termik usulda qayta ishlanib, har biri 227,5 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Mazkur loyihalar nafaqat qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirishga, balki atrof-muhit muhofazasi, chiqindilarning zararsizlantirilishi va yangi ish oʻrinlarining yaratilishiga ham xizmat qiladi. Bu esa Oʻzbekistonda barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda muhim qadam sanaladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер