Covid-19ga qarshi vaksina samara bermoqdami?

Maʼlumki, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan Xitoyning Anhui Zhifei Loncom Biofarmaceutical kompaniyasida ishlab chiqarilgan ZF2001 rekombinant vaksinasining III faza klinik sinovlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur vaksinaning I va II faza klinik tadqiqotlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Uning xavfsiz ekanligi qayd etilgach, III faza vaksina sinovlari amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Vaksinani olish uchun 18 yosh va undan yuqori boʻlgan koʻngilli fuqarolar qabul qilinmoqda.
Butun dunyoni larzaga solgan “tojdor virus”ga qarshi emlanish jarayoni qay tarzda amalga oshirilayotgani haqidagi savollarga Innovatsion rivojlanish vazirligi Sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish boʻlimi boshligʻi Masʼudbek Matyakubovga javob qaytardi.
— Qanday tekshiruvdan oʻtish kerak?
— Avvalambor, vaksinani olish maqsadida tashrif buyurgan koʻngilli fuqaro bilan savol-javob orqali surishtirish ishlari olib boriladi va uning sogʻligʻiga baho beriladi. Deylik, insonda surunkali kasalliklar, allergik holatlarga moyilligi yoki yuqori qon bosimining oshishi kabi holatlarini bilishimiz muhim. Qolaversa, qon kasalliklari hamda onkologik xastaliklardan aziyat chekayotgan bemorga ham vaksina olish taʼqiqlanadi.
Bundan tashqari reproduktiv yoshdagi, yaʼni homilador yoki farzand koʻrish istagida boʻlgan ayollarimiz ham klinik sinovda qatnasholmaydilar.
Vaksina olish istagida kelgan har bir fuqaro roʻyxatdan oʻtkaziladi. Tabiiyki, nazoratimiz ostida ular bilan tushuntirish ishlari olib boriladi. Keyin esa tartib qoidaga muvofiq uning antropometrik belgilari — boʻyi va vazni oʻlchanadi. Shuningdek, immunoferment (IFA) tahlil sinamasini olishga koʻrsatma beriladi. Ushbu tekshiruvning natijasi 20 daqiqani ichida tayyor boʻladi. Bu orqali qonda virusga qarshi antitanachalar bor yoki yoʻqligiga aniqlik kiritiladi. Bu esa fuqaro oldin koronavirusga chalinmaganligini bilish uchun kerakli faktordir.
— Covid 19 bilan kasallangan fuqaro vaksina oladimi?
— IFA tekshiruvidan soʻng fuqaroning tahlil natijasi manfiy koʻrsatgichni koʻrsatgan taqdirda ham undan keyingi jarayon, yaʼni PZR (polimeraz zanjir reaksiyasi) tekshiruvini amalga oshiramiz. Uning natijasi bir kundan soʻng tayyor boʻladi. Albatta, bu ham manfiy boʻlgandan keyingina shifokor tomonidan fuqaroga vaksina olishga rozilik beriladi. Kovidni boshidan oʻtkazgan bemorda antitanachalar borligi sababli u sinovda qatnasholmaydi. Bu klinik tadqiqot yigʻishimizga notoʻgʻri maʼlumotni koʻrsatadi.
Toʻgʻrisi, vaksina olish istagida kelgan ayrim insonlarda tekshiruvdan soʻng koronavirusni boshidan oʻtkazganligi maʼlum boʻlmoqda. Ular bundan, hatto hayratlanishyapti. Bu asosan virusning yengil turini boshidan oʻtkazgan bemorlarda kuzatilmoqda. Negaki "tojdor virus"ning belgilari oddiy grippga ham oʻxshaydi.
— Vaksina qanday tartibda amalga oshiriladi?
— Klinik tekshiruvda koʻngilli insonlarning har bir maʼlumoti bizda saqlanadi. Fuqarolarning roʻyxati shakllantiriladi. Vaksina olgan kunidan 30-kunida, ikkinchi emlanish jarayoni amalga oshiriladi. Shundan keyingi uchinchi dozasi 60-kunida qoʻllaniladi. Biroq emlangan fuqaro birinchi vaksina qilingan muddatdan boshlab, bizning nazoratimizda bir yil davomida boʻladi. Ahvoli va sogʻligʻi doimiy ravishda soʻrab turiladi. Shuningdek, har safar vaksina olishdan avval kerakli tekshiruvlardan qaytadan oʻtkazilishlari lozim.
Agar, klinik tadqiqot davom etayotgan paytda xoh birinchi doza yoki ikkinchi doza boʻlsin fuqaroda ogʻir nojoʻya oʻzgarishlar kuzatilayotgan boʻlganda ular koʻrsatmaga binoan shifoxonaga yotqiziladi hamda davolash muolajalari amalga oshiriladi.
— Qanday nojoʻya oʻzgarishlar kuzatildi?
— Odatda, emlangan insonda tana haroratining koʻtarilishi, bosh ogʻrigʻi, holsizlik yoki koʻngil aynish holatlari kuzatiladi. Hozirgi paytgacha, hali bunday noxush shikoyatlar bilan murojaatlar boʻlgani yoʻq.
Hozirda vaksina olish istagida boʻlgan fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligining (mininnovation.uz) saytida alohida boʻlim ajratilgan. Tegishli sahifa orqali fuqaro onlayn roʻyxatdan oʻtishlari mumkin.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring