Oʻzbekistonda binolarning energiya samaradorligini monitoring qilish sifat jihatidan yangi bosqichga chiqadi
Foto: «Xalq soʻzi»
BMT Taraqqiyot Dasturi va hamkorlarning birgalikdagi saʼy-harakatlari doirasida 2024-yil 30-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Texnik meʼyorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti negizida tashkil etilgan Raqamli Resurs Markaziga yangi zamonaviy uskunalar topshirildi. Raqamli resurs markazi energiya sarfini samarali kuzatib borish va energiyani tejash yoʻllarini ishlab chiqish uchun zamonaviy texnologiyalar va ilgʻor tajribalarni birlashtirgan, ham byudjetga, ham atrof-muhitga foyda keltiradigan asosiy muassasa hisoblanadi.
Raqamli resurs markazi binolarning energiya isteʼmoli boʻyicha maʼlumot toʻplash orqali energiyani behuda sarflash sabablarini aniqlash va energiya tejash choralarini rejalashtirish imkonini beradi. Bunday faoliyat atrof-muhitni muhofaza qilishga hissa qoʻshadi va Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga erishishga xizmat qiladi. BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan koʻrsatilayotgan yordam markazning samaradorligini oshirishga qaratilgan boʻlib, bu IT-uskunalar, ofis mebellari va energiya auditini oʻtkazish uchun zamonaviy vositalarini taqdim etishni oʻz ichiga oladi. Shuningdek, tez orada institutning rasmiy veb-saytiga integratsiya qilingan va energiya tejamkor uy-joy qurilishi haqida xabardorlikni oshirishga xizmat qiladigan veb-platforma ham ishga tushirilishi kutilmoqda.
Qayd etilishicha, yangi jihozlar Markaz jamoasiga energiya sarfi haqidagi maʼlumotlarni qabul qilish va qayta ishlashni avtomatlashtirish, tezkor monitoring oʻtkazish va binolarning energiya samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish imkonini beradi. Shuningdek, yangi resurslar Markazga energiya tejamkor va kam uglerodli uy-joylarni loyihalash, qurish va ulardan foydalanish boʻyicha muhim treninglar oʻtkazish, Oʻzbekistonning energiya samaradorligini oshirish borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlash imkonini beradi.
“Biz raqamli resurs markazini qoʻllab-quvvatlashdan va uning keyingi samarali faoliyati uchun poydevor qoʻyishdan mamnunmiz. Markaz faoliyati vazirlik xodimlarini oʻqitish va salohiyatini oshirish, shuningdek, energiya tejaydigan texnologiyalar va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishning afzalliklarini namoyish etishda muhim ahamiyatga ega”, — dedi BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fudzii.
Taʼkidlash joizki, Global Ekologik Jamgʻarmasi (GEF) tomonidan moliyalashtiriladigan ushbu yordam BMT Taraqqiyot Dasturi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining “Oʻzbekistonda energiya tejamkor qishloq uylari qurilishini rivojlantirishga koʻmaklashish” qoʻshma loyihasi doirasida koʻrsatilmoqda. Loyihadan koʻzlangan maqsad Oʻzbekiston qishloq aholisini atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda yanada qulay va arzon turmush sharoitlari bilan taʼminlashdan iborat.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring