Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy komunikatsiyalar universiteti 3 yoshda

14:28 25 May 2021 Jamiyat
1640 0

Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etilganiga uch yil toʻldi.

Prezidentimizning 2018-yil 24-maydagi qaroriga muvofiq faoliyati yoʻlga qoʻyilgan oliy taʼlim muassasasi hozirgi tez oʻzgarayotgan globallashuv davrida jurnalistikaning oʻziga xos xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, bugungi holati va istiqboli bilan bogʻliq masalalarni chuqur oʻrganish, bu borada olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot va ijodiy ishlar samaradorligini taʼminlash hamda ushbu soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashning sifatini tubdan oshirishga xizmat qilmoqda.

Shu munosabat bilan oliy taʼlim dargohida «Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti 3 yoshda: biz bosib oʻtgan yoʻl» deb nomlangan konferensiya boʻlib oʻtdi. Unda Oliy Majlis Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar xodimlari, ommaviy axborot vositalari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar, tadqiqotchilar va talabalar qatnashdi.

Yalpi anjumanda universitet faoliyati, qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar, galdagi vazifalar, oʻquv dargohining jurnalistika sohasi uchun kadrlar tayyorlashda tutgan oʻrni, bu yerda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, taʼlimga tatbiq etilayotgan innovatsiyalar haqida soʻz bordi.

— Yangilanayotgan Oʻzbekistonda islohotlar jadal tus oldi, — deydi Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxoʻja. — Ushbu jarayonda ommaviy axborot vositalari uchun ham yetuk mutaxassislarni tarbiyalashimiz kerak. Tan olish joiz, fikrlar almashinuvining susaygani bois oʻtgan yillar mobaynida sohada malakali jurnalistlarga talab ortdi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi hamda qarori asosida universitetimizning tashkil etilishi bilan sohada jurnalist kadrlarni tayyorlashning yangi davri boshlandi. Taʼlim dargohi uchun barcha zarur sharoitlar mujassam zamonaviy binolar qad rostladi. 225 nafar talabaga moʻljallangan turar joy yurtimizning turli hududlaridan kelib tahsil olayotgan yoshlar ixtiyorida. Oʻquv binomiz keng va yorugʻ auditoriyalarga, zamon talabiga mos axborot texnologiyalari va uskunalar bilan jihozlangan studiyalarga ega. Shu maʼnoda joriy konferensiya nafaqat sohaga oid dolzarb masalalarni muhokama etish, balki yoshlarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlashi uchun sharoit yaratishni ham koʻzda tutadi.

Konferensiyaning ikkinchi qismi shoʻbalarga boʻlingan holda davom etdi. Unda inson huquq va erkinliklarini himoya qilishda jurnalistikaning oʻrni, sohada kadrlarni tayyorlashda fan va amaliyot mushtarakligi, xorijiy tillarni oʻqitishning ahamiyati, zamonaviy matbuot, teleradiojurnalistikada dolzarb masalalar, bugungi mediamuhitda PR-kommunikatsiyalarning yangi trendlariga doir maʼruzalar qilindi, muhokama va munozaralar boʻlib oʻtdi.

Tashkil etilgan mahorat darslari orqali sohaning taniqli vakillari yoshlarga oʻz tajribalaridan soʻzlab berdilar.

Tadbir yakunida universitet va yetakchi ommaviy axborot vositalari oʻrtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Ziyoda RAHIMBOYEVA.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер