Oʻzbekiston jahon toʻqimachilik bozorining markaziga aylanadi

18:08 25 Oktyabr 2022 Iqtisodiyot
762 0

Oʻzbek paxtasiga qoʻyilgan cheklovlar olib tashlangach, nafaqat jahon bozoriga keng yoʻl ochildi, balki paxta-toʻqimachilik sanoatimizning investitsiyaviy jozibadorligi ortmoqda. Ayniqsa, AQSH kompaniyalari ushbu sohada savdo-sarmoyaviy hamkorlikni mustahkamlashga intilyapti. Shubhasiz, bunda AQSH Mehnat vazirligi tomonidan Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan paxta va undan tayyorlangan mahsulotlarni olib kirishga qoʻyilgan rasmiy cheklovlar bekor qilingani muhim omil boʻlayotir.

Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasida AQSH qishloq xoʻjaligi departamenti (USDA) Bosh konsulligi delegatsiyasi bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda bu yana bir karra eʼtirof etildi.

Taʼkidlanganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan iqtisodiyot tarmoqlari liberallashtirilgani, qishloq xoʻjaligi tubdan isloh qilingani, eng asosiysi, sohada mahsulot yetishtirish va qayta ishlashning klaster usuliga oʻtilgani muvaffaqiyatlarga keng yoʻl ochayotir. Natijada oʻtgan qisqa davr ichida mamlakatda yetishtirilayotgan paxta xom ashyosini toʻliq qayta ishlashga erishildi.

Xorijlik mehmonlar eʼtirof etishicha, Oʻzbekiston sanoatchilari taklif etayotgan tayyor tikuv-toʻqimachilik mahsulotlarining sifati yuqori. Shu bois tashqi bozorda tobora raqobatdosh boʻlib boryapti. Bu, oʻz navbatida, mahsulotlarga boʻlgan talab oshiradi. Shu maʼnoda, ular mamlakatimiz eksport salohiyati bilan qiziqdi.

— Oʻzbekiston 50 milliard dollarlik paxta-toʻqimachilik mahsulotlari eksport qilish salohiyatiga ega, — dedi Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi raisi, senator Murtazo Rahmatov. — Keling, sizga hisob-kitob qilib berman. Janob mehmon, eningizdagi oq koʻylakni ishlab chiqarish uchun qancha tola ishlatilgan, deb oʻylaysiz? 85 gramm. Boringki, 100 gramm ham deylik. Shu hisobda 1 kilogramm paxta tolasidan toʻqilgan matodan 10 ta koʻylak tikish mumkin. Uning har biri 5 dollardan eksport qilingan taqdirda 50 dollar boʻladi. Mana, sizga qisqacha arifmetika! Vaholanki, bunday libosning tashqi bozordagi bahosi ancha baland.

Bu yil uyushma timizdagi 134 ta paxta-toʻqimachilik klasteri tomonidan 3,5 million tonna paxta yetishtirilishi kutilyapti. Undan olingan 1,1 million tonna tolaning 50 foizi klasterlarning oʻzlarida chuqur qayta ishlanadi. Chunki bugungi kunda klasterlarda tolani besh bosqichli qayta ishlashning uch bosqichi yoʻlga qoʻyilgan, 2026-yilda esa toʻliq sanoat zanjiri yaratiladi. Bu Oʻzbekistonni jahon toʻqimachilik bozorining markaziga aylanishiga xizmat qiladi, albatta.

— Oʻzbekistonga mening ilk tashrif buyurishim, — dedi AQSH qishloq xoʻjaligi departamenti (USDA) Bosh konsulligining qishloq xoʻjaligi marketingi boʻyicha yetakchi mutaxassisi Chagʻlar Erdugʻon. — Kelib, chindan ham, yurtingiz paxta-toʻqimachilik sohasida yuqori salohiyatga ega ekanligiga guvoh boʻldim. Ushbu safarimizdan koʻzlangan maqsad esa klasterlar faoliyati bilan yaqindan tanishib, hamkorlik aloqalarini oʻrnatishdir. Oʻylaymanki, tashrifimiz davomida bu borada dastlabki kelishuvlarga erishamiz.

Mehmonlarga paxta yetishtirishda tejamkor usullarni qoʻllash, zamonaviy va intensiv agrotexnologiyalarni tatbiq qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham maʼlumotlar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер