Oʻzbekiston yoki Quvayt: qaysi jamoa kuchliroq?

Bugun, 9-oktyabr kuni Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Quvayt terma jamoasiga qarshi oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazadi. Oʻyin oldidan jamoalarning imkoniyatlarini solishtirib chiqamiz.
Umumiy koʻrsatkichlar
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ayni paytda FIFA reytingida 1453,31 ball jamgʻargan holda 54-oʻrinni egallab turibdi. Bu esa Fabio Kannavaro boshchiligidagi jamoa Osiyoda 6-oʻrinda ekanligini bildiradi.
Quvayt terma jamoasi esa ayni paytda FIFA reytingida 1100,4 ball toʻplagan holda 135-oʻrinni egallab turibdi. Bu oʻz navbatida arablar Osiyo miqyosida 25-oʻrinda ekanliklarini koʻrsatadi.
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi 2025-yilni juda yaxshi oʻtkazmoqda. “Oq boʻrilar” yil davomida 9 ta oʻyin oʻtkazishdi. Ulardan 5 tasida Eldor Shomurodov boshchiligidagi jamoa gʻalaba qozongan boʻlsa, 4 ta uchrashuv durang natija bilan yakunlangan.
Quvayt terma jamoasi esa shu yil ichida Jahon chempionati saralashidan 4 ta va FIFA kunlari doirasida 1 ta oʻyin oʻtkazgan. Ushbu bahslarda jamoa Falastin, Ummon va Janubiy Koreya terma jamoalariga magʻlub boʻlgan. Iroq va Suriya terma jamoalari bilan esa durang oʻynagan.
Bosh murabbiylar
Oʻyin oldidan Oʻzbekiston milliy terma jamoasi murabbiylar shtabida oʻzgarish boʻldi. Italiyalik taniqli futbolchi va murabbiy Fabio Kannavaro “oq boʻrilar” bosh murabbiyligiga tayinlandi.
Bu mutaxassis haqida hozircha keskin fikr bildirish qiyin, chunki u hali jamoa bilan toʻliq tanishib ulgurmagan. Katta ehtimol bilan Quvaytga qarshi oʻyin uchun reja jamoaning sobiq bosh murabbiyi Timur Kapadze tomonidan ishlab chiqilgan boʻlishi mumkin.
Quvayt terma jamoasini esa ayni paytda 56 yoshli portugaliyalik mutaxassis Heliu Filipe Diash de Souza boshqarmoqda.
Heliu Souza 1969-yilning 12-avgust kuni Portugaliyaning Setubal shahrida tugʻilgan. U 1980–2005-yillarda futbolchi sifatida “Vitoriya Setubal” va “Brejush Azeytan” jamoalarida faoliyat yuritgan. Shuningdek, Portugaliyaning yoshlar va milliy terma jamoalari safida bir necha bor maydonga tushgan.
Souza 2005-yildan murabbiylik faoliyatini boshlagan. 2009-yilgacha “Kovilya” va “Vitoriya Setubal” klublarida ishlagan. Keyinchalik terma jamoalar tizimida faoliyat yuritib, 2010–2019-yillarda Portugaliyaning turli yosh toifasidagi jamoalariga ustozlik qilgan.
2019-yildan 2023-yilgacha Bahrayn terma jamoasini boshqargan. 2024-yilda Qatarning “Qatar SK” klubi bilan shartnoma imzolagan. Biroq bu qaytish uzoqqa choʻzilmadi — mutaxassis 2025-yil iyul oyida Quvayt terma jamoasi bosh murabbiyligiga tayinlandi.
Heliu Souza boshchiligida Quvayt terma jamoasi hozirgacha faqat 1 ta oʻyin oʻtkazgan boʻlib, unda Suriya bilan durang natija qayd etilgan.
Futbolchilar
Oʻzbekiston milliy terma jamoasining oʻzagini legionerlar tashkil etadi. Jamoamiz yetakchilari Angliya, Turkiya, Eron va Birlashgan Arab Amirliklari kabi mamlakatlarda toʻp surmoqda.
Quvayt terma jamoasining asosiy futbolchilari esa mahalliy chempionatda faoliyat olib borishadi. Jamoaning oʻzagini “Al-Quvayt”, “Al-Qadisiya” va “Quvayt SK” klublari futbolchilari tashkil etadi.
Shuningdek, jamoada faqat bitta legioner bor — himoyachi Hasan Al-Enezi hozirda Iordaniyaning “Al-Ahli” klubida oʻynaydi.
Oʻzbekiston milliy terma jamoasining eng qimmat futbolchisi Abduqodir Husanov Angliya Premyer-ligasi uchrashuvida jarohat olgani sababli ushbu oʻyinda maydonga tusha olmaydi. Endi terma jamoamizning eng qimmat futbolchisi “Istanbul Bashakshehir” aʼzosi Abbosbek Fayzullayev hisoblanadi. “Transfermarkt” portali uni 8 million yevroga baholagan.
Quvayt terma jamoasidagi eng qimmat futbolchi esa “Al-Arabi” klubi hujumchisi Bandar Al-Salama boʻlib, uni “Transfermarkt” portali 350 ming yevroga baholagan.
Oʻzaro oʻyinlar tarixi
Oʻzbekiston va Quvayt milliy terma jamoalari shu vaqtga qadar 6-marta oʻzaro toʻqnash kelishgan. Ushbu bahslarda quyidagi natijalar qayd etilgan:
Oʻzbekiston 3:3 Quvayt (1998)
Oʻzbekiston 1:2 Quvayt (2005)
Oʻzbekiston 3:2 Quvayt (2005)
Oʻzbekiston 2:1 Quvayt (2011)
Oʻzbekiston 0:1 Quvayt (2012)
Oʻzbekiston 3:0 Quvayt (2012)
Shu tariqa, oʻzaro oʻyinlarda Oʻzbekiston 3 ta, Quvayt 2 ta gʻalaba qozongan, yana bir uchrashuv durang bilan yakunlangan.
Gol urgan futbolchilar
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi safida quyidagi futbolchilar Quvayt terma jamoasi darvozasiga gol urgan:
1. Aleksandr Geynrix — 3
2. Maksim Shaskix — 2
3. Server Jeparov — 2
4. Sanjar Tursunov — 1
5. Anvar Soliyev — 1
6. Aleksandr Xvostunov — 1
7. Andrey Akopyans — 1
8. Mirjalol Qosimov — 1
Eng yodda qolarli uchrashuv
Ikki jamoa oʻrtasidagi eng yodda qolarli bahs — 2006-yilgi Jahon chempionati saralash bosqichida Toshkentda boʻlib oʻtgan uchrashuv hisoblanadi.
Oʻyinning ilk boʻlimida Quvayt 2 ta gol urgan holda hisobi boʻyicha oldinga chiqib olgan. Biroq ikkinchi boʻlimda “oq boʻrilar” qayta javob berdi — Server Jeparov, Maksim Shaskix va Anvar Soliyev tomonidan kiritilgan gollar Oʻzbekistonga irodali gʻalabani taʼminlab bergan.
Ushbu oʻyin milliy terma jamoa tarixidagi eng dramatik va kuchli ruhda oʻtgan bahslardan biri sifatida esda qolgan.
Bu galgi imkoniyatlar
Bugungi oʻyin oldidan Oʻzbekiston terma jamoasi yaqqol favorit sifatida qaralmoqda. Qaysi tarkib maydonga tushishidan qatʼi nazar, “oq boʻrilar”ning bu juftlikdagi imkoniyatlari ancha yuqori.
Shuningdek, bu bahs Oʻzbekiston uchun FIFA reytingida koʻtarilish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega. Quvayt ustidan qozoniladigan gʻalaba jamoamizga taxminan 2,5 ball qoʻshadi. Bu esa Jahon chempionati saralash bosqichi oldidan jamoani yuqori savatchalarga joylashtirishda muhim rol oʻynaydi.
Eslatma
Oʻzbekiston va Quvayt terma jamoalari oʻrtasidagi oʻrtoqlik uchrashuvi bugun, 9-oktyabr kuni, Toshkentdagi “Olimpiya” stadionida boʻlib oʻtadi.
Oʻyin soat 18:00 da start oladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring