Oʻzbekiston va Yaponiya binolar qurilishida seysmik xulosalar berish boʻyicha hamkorlik qiladi

08:32 05 Iyul 2022 Jamiyat
847 0

Foto: Illustrativ foto

Qurilish vazirligi mutasaddilaridan iborat delegatsiyaning yaqinda Yaponiyaga qilgan tashrifi qurilish sohasida ilmiy va amaliy hamkorlikning yangi yoʻnalishlarni belgilab berdi. Ishchi guruhi dastlab, Yaponiyaning Yer resurslari, infratuzilma, transport va turizm vazirligida boʻldi. 

Muzokaralarda shaharlar bosh rejalarini ishlab chiqish, baland binolar qurish, shaharlar renovatsiyasi, zilzilabardoshlik va yongʻin xavfsizligi, qurilish normalari va standartlari kabi masalalarda oʻzaro fikr almashildi, koʻplab natijalarga erishildi. 

Kelgusida, Yaponiyaning Yer resurslari, infratuzilma, transport va turizm vazirligi kunchiqar mamlakatning qurilish standartlari toʻplamlarini taqdim qiladi, binolarni seysmik koʻrikdan oʻtkazish, uylarning zilzilabardoshlilik xususiyatlarini kuchaytirish boʻyicha mutaxassislarimiz malakasini oshirishga koʻmaklashadi. 

Yaponiyaning qurilish markazi prezidenti bilan kechgan uchrashuvda ham muhim hujjatlar imzolandi. Xususan, Qurilish vazirligi qoshidagi qurilishda texnik meʼyorlash markazi hamda Yaponiyaning qurilish markazi oʻrtasida 2025-yilgacha 150 nafar xodimning malakasini oshirish, mamlakatimizda seysmikaga doir normativ hujjatlarni ishlab chiqish va takomillashtirish borasida oʻzaro hamkorlik qilishga kelishib olindi. Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi, yaʼni JAYKA tashkilotida boʻlgan uchrashuv yakunlariga koʻra qurilish sohasidagi yosh mutaxassislarimizning ushbu davlatda stajirovka oʻtashlariga erishiladi. 

Yaponiya seysmik izolyatsiya jamiyatida boʻlib oʻtgan muzokaralar ham samarali boʻldi. Endilikda ushbu jamiyat aʼzolari yurtimizdagi qurilish jarayonlarida zilzilabardoshlik boʻyicha normativlarni takomillashtirish yuzasidan oʻz takliflari bilan ishtirok etishadi. Jumladan 50 metr va undan yuqori boʻlgan hamda alohida konstruksiyaviy ahamiyatga ega binolar loyihalariga seysmik jihatdan ekspertiza xulosalarini berishda yaponiyalik mutaxassislar bilan hamkorlik qilinadigan boʻldi. 

Arxitektura, qurilish muhandisligi va pudrat ishlari tashkiloti yaʼni Shimizu korporeyshnda oʻtkazilgan uchrashuvda qurilish vazirligi delegatsiyasi qurilish maydonining haqiqiy oʻlchamdagi modelini koʻzdan kechirdi va u yerdagi tajribani oʻzbekistonlik mutaxassislar amaliyotida qoʻllashga kelishib olindi. Kelajakda texnik nazoratni amalga oshiruvchi xodimlar uchun ana shunday real trening maydonlari tashkil etiladi. 

Gap shundaki, Qurilishda boshqaruv jarayonini innovatsion texnologiyalar asosida robotlashtirish, quruvchi printerlardan foydalanish, seysmik simulyatsiya qurilmalari yordamida zilzilabardoshlikni hisoblash kabi sohada muhim boʻlgan laboratoriyalar analogini Oʻzbekistonda ham tashkil etish boʻyicha hamkorlik qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?