Oʻzbekiston va Turkiya yetakchilari keng koʻlamli hamkorlikni yanada kengaytirishga intilish qatʼiy ekanini tasdiqladilar
Anqara shahridagi Prezident saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Davlat rahbarlari butun musulmon ummati uchun muqaddas boʻlgan Qurbon hayiti bilan bir-birlarini samimiy qutladilar.
Muzokaralar davomida Oʻzbekiston bilan Turkiya oʻrtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish, koʻp qirrali hamkorlikni, avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda chuqurlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Hozirgi ikki tomonlama hamkorlik yuksak surʼatda davom etayotgani, barcha darajalardagi aloqalar va almashinuvlar shiddati mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oʻzaro tovar ayirboshlash va investitsiyalar koʻrsatkichlari ortib bormoqda, qoʻshma loyihalar va korxonalar, aviaqatnovlar soni koʻpaymoqda. Oʻzaro madaniy tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Tashrif arafasida biznes forumi muvaffaqiyatli oʻtkazilib, uning natijasida sanoat, “yashil” energetika, elektrotexnika, toʻqimachilik, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi va boshqa yoʻnalishlarda, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik dasturi doirasida yangi loyihalarning katta portfeli shakllantirildi.
Hukumatlar oldiga tovar ayirboshlashni 5 milliard dollarga yetkazish, jumladan, Imtiyozli savdo bitimi doirasida mahsulot turlarini kengaytirish vazifasi qoʻyildi. Istanbul shahrida Oʻzbekistonning savdo vakolatxonasini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Davlat rahbarlari raisligidagi Oʻzbekiston-Turkiya Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingani mamnuniyat bilan taʼkidlandi. Uning birinchi yigʻilishi bugun boʻlib oʻtadi.
Qishloq xoʻjaligi, suv resurslarini boshqarish va raqamlashtirish sohalarida oʻzaro manfaatli sheriklikni kengaytirish masalalari ham koʻrib chiqildi.
Xavfsizlik va mudofaa, terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlash va muvofiqlashtirish zarurligi taʼkidlandi.
Tomonlar faol madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga kelishib oldilar. Taʼlim, sogʻliqni saqlash, turizm va sport sohalarida hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Ikki davlat fuqarolarining bordi-keldisi uchun eng qulay sharoitlarni yaratish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston va Turkiya rahbarlari, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalarini, jumladan, Afgʻonistondagi vaziyatning rivojlanishini ham koʻrib chiqdilar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti xalqaro darajaga koʻtarilmoqda
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring