Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlari keng koʻlamli hamkorlikni yanada rivojlantirishga intilish qatʼiy ekanini tasdiqladilar

10:53 15 Noyabr 2025 Siyosat
206 0

15-noyabr kuni Koʻksaroy qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev oʻrtasida tor doiradagi muzokaralar boʻlib oʻtdi.

Ushbu davlat tashrifi Oʻzbekiston-Qozogʻiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari tarixida yangi bosqichni boshlab berishi taʼkidlandi.

Tashrifga tayyorgarlik doirasida Toshkentda Hukumatlararo komissiya yigʻilishi va biznes forumi, Qozogʻiston tibbiyoti kunlari, qozoq filmlari namoyishi, Ostona kunlari va bir qator madaniy tadbirlar muvaffaqiyatli oʻtkazilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yilning oʻtgan davri mobaynida tovar ayirboshlash 4 milliard dollarga yetdi. Oʻzaro savdo hajmini oshirish va import oʻrnini bosish orqali bu koʻrsatkichni 10 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Yuk tashish hajmi oʻsib bormoqda, shaharlar oʻrtasida haftasiga 40 dan ortiq aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda.

Soʻnggi yillarda 6,5 mingta qoʻshma korxona tashkil etildi va ustuvor tarmoqlarda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun 8 milliard dollardan ortiq qiymatdagi loyihalar portfeli tayyorlandi. Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun qoʻshma investitsiya platformasini ishga tushirish taklif qilindi.

Muzokaralar davomida energetika, transport, kimyo sanoati, qishloq xoʻjaligi va suv xoʻjaligi, atrof-muhitni muhofaza qilish, axborot texnologiyalari va boshqa muhim sohalarda oʻzaro manfaatli sheriklikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Hududlararo aloqalarni yanada kengaytirish muhimligi taʼkidlandi. Ikki mamlakat hududlari rahbarlarining birinchi Kengashini 2026-yilda Qozogʻistonda oʻtkazish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Davlat rahbarlari mintaqaviy va xalqaro masalalar boʻyicha ham fikr almashdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?