Oʻzbekiston va Qozogʻiston: madaniy-gumanitar yoʻnalishdagi hamkorlikning yangi bosqichi

Joriy yilning 5-6-dekabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Respublikasi prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Nur-Sulton shahrida boʻldi.
Tashrif davomida ikki davlat oʻrtasida gumanitar almashinuvlarni kengaytirish, taʼlim, fan, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sanʼat, turizm va sport sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi.
Oʻzaro muzokaralar jarayonida davlatimiz rahbari tomonidan quyidagi tashabbuslar ilgari surildi:
– Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili va Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili tadbirlarini muntazam ravishda oʻtkazib borish;
– 2022-yilda Oʻzbekistonda birinchi Yoshlar kongressi hamda Ijodiy va ilmiy ziyolilar forumini tashkil etish;
– oliy taʼlim sohasida oʻzaro aloqalarni mustahkamlash.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston va Qozogʻiston ushbu yoʻnalishlarda ulkan salohiyatga ega boʻlib, bunday hamkorlikdan birdek manfaatdordir. Zero, madaniy-gumanitar yoʻnalishdagi hamkorlikning asosini ikki xalqni oʻzaro yaqinlashtirish, tajriba almashish, uygʻun anʼana va urf-odatlarni asrash va keyingi avlodga yetkazish tashkil etadi.
Oʻzbek va qozoq millati qardosh xalq ekani hech kimga sir emas. Xalqlarning anʼanalari, urf-odatlari, turmush tarzi oʻxshash. Ikki xalq ham doʻstlikni qadrlaydi. Jumladan, qozoqlarda shunday maqol bor: «Dosың kөp bolsa, jolың da ashыladы» (Doʻsting koʻp boʻlsa, yoʻling ham ravon boʻladi). Oʻzbeklar ham doʻstlikni yuksak darajada qadrlaydi: “Doʻsting – boyliging, doʻsting - davlatingdir”. Bunday maqollar koʻplab topiladi.
Ikki xalqning tarixiy doʻstligi, umumiy anʼana va urf-odatlarga ega ekani, buguni va ertasi oʻzaro bogʻliqligi xususida Shavkat Mirziyoyev Qozogʻistonga davlat tashrifi oldidan ushbu mamlakatning markaziy nashri «Yegemen Qazaqstan» va «Kazaxstanskaya pravda» gazetasiga bergan intervyusida alohida toʻxtalib oʻtdi. Jumladan, davlatimiz rahbari: “Oʻzbekiston va Qozogʻiston faqatgina umumiy tarix, madaniyat, anʼana va uzoq asrlik doʻstlikni oʻz ichiga olgan qoʻshni davlatlar emas, balki juda ham yaqin, qardosh mamlakatlardir. Bizning xalqlarimiz maʼnaviy va qon-qarindoshlik rishtalari bilan uzviy jipslashib ketgan, ularni umumiy maqsadlar, orzu-umidlar va intilishlar birlashtirib turadi” deb qayd etdi.
Maʼlumki, Markaziy Osiyo mintaqasi tarixan fan, madaniyat, maʼnaviyat va maʼrifatning oʻchogʻi boʻlgan. Yaqin tarixda ham bu omil oʻzining ahamiyati yoʻqotmagan. Bu borada qaysidir olimu mutaxassisni aynan biron-bir davlatga tegishli deb aytish mushkul. Zero, fan, madaniyat, maʼnaviyat va maʼrifat yutuqlaridan butun bashariyat foydalanadi. Yaqin oʻtmishdagi qozogʻistonlik olimlar toʻgʻrisida soʻz ketganda, zamonaviy qozoq adabiyotining asoschisi Abay Qoʻnonboyev, akademik fanlar asoschisi Kanыsh Satpayev, yozuvchilar Muxtor Avezov va Sobir Muqonov, yirik davlat arbobi, akademik Dinmuxammad Kunayevlarni alohida taʼkidlash mumkin.
Adabiyot sohasida oʻzbek va qozoq xalqini koʻp yillar davomida oʻzaro hamkorligini yorqin ifodalovchi shaxs sifatida yozuvchi Nosir Fozilovni koʻrsatish mumkin. U Oʻzbekistonda yashab ijod qilgan. N.Fozilov Abay Qoʻnonboyev, Muxtor Avezov, Sobir Muqonov, Gʻabit Musrepov, Gʻabiden Mustafin, Abdulla Tojiboyev, Abdijalil Nurpeisov kabi koʻplab qozoq adiblari asarlarini oʻzbekchaga tarjima qilib, nashr ettirgan. 1986-yilda qozoq adabiyotidan qilgan tarjimalari uchun N.Fozilovga Qozogʻiston Yozuvchilar uyushmasining Bayimbet Maylin nomidagi davlat mukofoti berilgan. 1990-yilda atoqli yozuvchi “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi” unvoniga sazovor boʻldi. 1999-yilda esa «El-yurt xurmati» ordeni bilan mukofotlandi. Shuningdek, N.Fozilov 1994-yili oʻzbek va qozoq adabiy aloqalari borasidagi katta xizmatlari uchun Qozogʻiston prezidenti taʼsis etgan “Tinchlik va maʼnaviy hamjihatlik uchun” xalqaro mukofotga sazovor boʻlgan.
Oʻzbek va qozoq xalqi birdamligi uchun xizmat qilgan bunday shaxslar toʻgʻrisida koʻplab misollar keltirish mumkin.
Ikki qardosh xalq oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga davlat rahbarlari katta eʼtibor qaratishmoqda. Xususan, davlatimiz rahbarining 2018-yil 13-martdagi qaroriga muvofiq qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qoʻnonboyev ijodiy merosini oʻrganish tashkil etildi. Qozogʻistonda esa Alisher Navoiy tavalludining 577-yilligi keng nishonlandi.
Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston rahbariyati qardosh xalqlar oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarni munosib taqdirlab kelmoqda. Xususan, 1991-2019-yillar mobaynida qozoq millatiga mansub 630 nafar Oʻzbekiston fuqarolari turli davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Bu raqam soʻnggi yillarda yanada ortmoqda, masalan, 2016-yilda 33 nafar qardosh millatga mansub boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolari yuksak davlat mukofotlariga loyiq koʻrilgan. Bundan tashqari, 1991-yildan buyon 23 Qozogʻiston fuqarolari Oʻzbekistonning tegishli davlat mukofotlari bilan taqdirlanishgan.
Maʼlumki, Oʻzbekiston va Qozogʻistonning madaniy-gumanitar aloqalar 1994-yil 10-yanvarda imzolangan madaniyat, sogʻliqni saqlash, ilm-fan, taʼlim, turizm va sport sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi hukumati bilan Qozogʻiston Respublikasi hukumati oʻrtasidagi bitim asosida amalga oshirib kelinadi.
Bugungi kunda ikkala davlat oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni quyidagi yoʻnalishlarda mustahkamlanib borayotganini koʻrish mumkin.
Birinchidan, taʼlim sohasida. Oʻzbekiston va Qozogʻiston taʼlim muassasalari oʻrtasida talabalar almashinuvi, oʻquv-metodik qoʻllanmalarni ishlab chiqish, tajriba almashish boʻyicha hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Hozirda mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalari va Qozogʻistonning 50 dan ortiq oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik kelishuvlari amal qilmoqda. Davlatlarning Fanlar akademiyalari oʻrtasida tizimli hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan, jumladan, birgalikda turli yoʻnalishlarda ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, kelgusida universitetlar konsorsiumini tashkil qilish boʻyicha kelishuvlar bunga misol boʻla oladi.
Ayni vaqtda, mamlakatimizdagi 400 ta maktabda mashgʻulotlar qozoq tilida olib boriladi. 162 ta maktabda esa taʼlim faqat qozoq tilida beriladi. Oliy taʼlim muassasalari tizimida Toshkent davlat pedagogika universitetida, Guliston davlat universitetida, shuningdek, Nukus, Jizzax va Navoiy davlat universitetlarida qozoq tili va adabiyoti fakultetlari tashkil qilingan.
Ilm-fan, taʼlim sohasida shu kungacha amalga oshirilgan ishlar natijasidan kelib chiqib aytish mumkinki, kelgusi yilda ijodiy va ilmiy ziyolilar forumini tashkil etish tashabbusi mazkur yoʻnalishdagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi.
Ikkinchidan, sanʼat va madaniyat sohasida. Qozogʻistonning sanʼat va madaniyat vakillari mamlakatimizda anʼanaviy tarzda boʻlib oʻtadigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida muntazam ishtirok etib kelishadi.
Bundan tashqari, 2018-yil “Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili“ deb eʼlon qilinishi doirasida oʻzbekistonlik sanʼat ustalari 5 marotaba konsert, oʻzbekistonlik teatr truppalari 4 ta gastrol namoyishlari, 4 ta tasviriy va amaliy sanʼat koʻrgazmalari, 1 marotaba folklor ekspeditsiya, shuningdek, “Oʻzbek kinosi kunlari” va “Oʻzbek madaniyati kunlari” kabi tadbirlar tashkil qilindi.
2019-yil 15-aprel kuni esa “Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Oʻzbekistonda Qozogʻiston yilining rasmiy ochilish marosimi boʻldi. Ushbu tantanali marosimni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ochib, qardosh qozogʻistonliklarni yurtimizga tashrifi bilan qutladi. Shu munosabat bilan, mamlakatimizda qozogʻistonlik sanʼat va madaniyat namoyondalari tomonidan 80 dan ziyod turli tadbirlar tashkil qilindi.
Qozogʻiston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Oʻzbekiston va Qozogʻiston rasmiy delegatsiyalari ishtirokidagi uchrashuvida Nur-sultonda Alisher Navoiy haykali oʻrnatilishini aytib oʻtdi. Uning fikricha, bu haykal ikki xalqning maʼnaviy yaqinligi va koʻp asrlik doʻstligi ramzi sifatida bunyod etiladi.
Uchinchidan, millatlararo munosabatlar sohasida. Mamlakatimizda yashovchi qozoq millatiga mansub aholi soni 803,4 mingtani tashkil qiladi. Bu qozoq etnosining Qozogʻiston tashqarisida, MDH mamlakatlarida yashaydigan eng yirik qismi hisoblanadi.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonda 1992-yildan buyon Qozoq milliy madaniy markazi faoliyat yuritib keladi. Bugungi kunga kelib ushbu markaz tarkibida Qoraqalpogʻiston Qozoq milliy madaniy markazi, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Xorazm, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi uning boʻlinmalari, shuningdek, Toshkent shahar boʻlinmasi ish yuritadi. Markaz faoliyati qozoq millatiga mansub fuqarolarning madaniy ehtiyojlarini qondirish, qozoq tilini oʻrganishga koʻmaklashish, qozoq xalqining anʼanalari va urf-odatlarini asrash, yoshlarning qozoq tilida taʼlim olishlarini taʼminlash maqsadida oliy va oʻrta-maxsus taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qilish, yosh iqtidorlarni qoʻllab-quvvatlash kabi turli yoʻnalishlarda olib boriladi. Markaz faollarining tashabbusi bilan Navoiy viloyatining Konimex tumanida tarixiy etnografik muzey, Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida «Shaxsham» etnografiya muzeyi ochilgan. Madaniy-maʼrifiy tadbirlar doirasida har yili «Aytis» oqinlar musobaqasi, «Altibaqan», «Tusaukeser»va boshqa milliy bayramlar oʻtkaziladi. Shu bilan birga, mamlakatimizda «Nurli jol» gazetasi chop etilmoqda.
Toʻrtinchidan, sogʻliqni saqlash sohasida. Mazkur sohadagi aloqalar ham tobora rivojlanib bormoqda. Xususan, 2019-yilda boʻlib oʻtgan “Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili” tadbirlari doirasida mamlakatimizda “Qozogʻiston tibbiyoti kunlari” (21-29-noyabr) tashkil qilindi. Joriy yilning mart oyida ikki davlatning sogʻliqni saqlash vazirliklari oʻrtasida oʻzaro anglashuv hujjati imzolandi. Mazkur hamkorlik doirasida qozogʻistonlik hamkorlar bilan birgalikda «Serebra» avtomatlashtirilgan tizimi asosida ishemik va gemorragik insult diagnostikasi sohasida tibbiy xizmatlar koʻrsatish boʻyicha tajriba loyihasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Tibbiyot sohasida ikkala davlat hamkorligiga katta hissa qoʻshgani uchun 2019-yilda Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vaziri Ye.Birtanov “Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan. Soha mutaxassislari oʻrtasidagi hamkorlik ayniqsa, pandemiya davrida yanada mustahkamlanmoqda.
Muxtasar aytganda, Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi oʻzaro aloqalar bugun xalqaro maydonda ham ishonchli, muhim va uzoq muddatli hamkorlik namunasi sifatida eʼtirof etilmoqda. Madaniy-gumanitar sohadagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi darajasi shubhasiz, oʻzaro aloqalarning boshqa yoʻnalishlariga ham oʻzining ijobiy taʼsirini oʻtkazadi. Bunday hamkorlik asosini eng avvalo, xalqlar birdamligi, fuqarolarning bir-biriga ishonchi va doʻstona munosabati hamda qon-qarindoshchilik rishtalarining mustahkamlanishi tashkil etadi.
Zero, qozoq maqolida aytilganidek, «Dostыq joq jerde tabыs joq» – yaʼni, “Doʻstlik boʻlmagan joyda, muvaffaqiyat ham boʻlmaydi”.
Abror YUSUPOV, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi SMTI boʻlim boshligʻi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Endilikda muddati oʻtgan tovarlarning sotilishi avtomatik ravishda cheklanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring