Oʻzbekiston va Qirgʻiziston yetakchilari ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini qayd etdilar

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-dekabr kuni Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Qirgʻiziston yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, mustahkam sogʻlik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, qardosh Qirgʻiziston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Oliy darajadagi kelishuvlarga muvofiq Oʻzbekiston-Qirgʻiziston yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik jadal rivojlanayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yaqinda muhim ikki tomonlama hujjatlar – Davlat chegarasining alohida uchastkalari toʻgʻrisida shartnoma va Andijon suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish toʻgʻrisida bitim imzolangani va ratifikatsiya qilingani amaliy hamkorlikning chuqurlashishi, davlatlarimiz va butun mintaqaning barqaror rivojlanishiga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, oʻzaro savdo koʻrsatkichlari oshib bormoqda – yil boshidan tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollarga yetdi. Oʻzbekiston-Qirgʻiziston taraqqiyot fondi oʻz faoliyatini boshladi, sanoat, energetika, elektrotexnika, qishloq xoʻjaligi, transport va boshqa tarmoqlarda bir qator kooperatsiya loyihalari birgalikda amalga oshirilmoqda.
“Oʻzbekiston – Qirgʻiziston - Xitoy” temir yoʻli va Qambarota gidroelektr stansiyasini qurish boʻyicha yirik mintaqaviy loyihalarga faol tayyorgarlik koʻrilmoqda.
Davlat rahbarlari boʻlajak muloqotlarning kun tartibini sifat jihatidan boyitish maqsadida savdo shartnomalari va investitsiya dasturlari portfelini kengaytirish muhimligini qayd etdilar.
Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek samimiy va doʻstona ruhda oʻtdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Buyuk Britaniya bosh vaziri jarimaga tortildi
- Energiya taʼminotini yaxshilash masalalari koʻrib chiqildi
- Maktablarda til va kasb oʻrgatishni rivojlantirish choralari belgilandi
- “Vatan — bamisoli quyoshga oʻxshash...”
- Burkina-Fasoda oʻgʻirlab ketilgan ayollar ozod qilindi
- Transport vazirlari “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻli qurilishini muhokama etishdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring