Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida sogʻliqni saqlash sohasida umumiy qiymati 125 million dollarlik 10 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi

12:47 30 Iyul 2022 Siyosat
649 0

Joriy yilning 28-29-iyul kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev boshchiligidagi Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasi tashrif bilan Hindistonda boʻldi.

Tashrifning birinchi kuni Nyu-Dehli shahrida Oʻzbekiston hukumat delegatsiyasi Hindiston hukumati va kompaniyalari aʼzolari bilan muzokaralar oʻtkazdi. Shuningdek, Hindiston Respublikasi bilan Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning 13-majlisi, shuningdek, ikki tomonlama biznes-forum ham boʻlib oʻtdi.

Tashrif doirasida Hindiston sogʻliqni saqlash va oila farovonligi, kimyo va oʻgʻitlar vaziri Mansuh Mandaviya bilan muzokaralar ham oʻtkazildi.

Qayd etilganidek, ikki mamlakat rahbarlarining saʼy-harakatlari bilan davlatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlari sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarildi.

Hind kompaniyalari tomonidan Oʻzbekiston hududida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari doirasida sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sohalari ham qamrab olingan. Xususan, hozirgi vaqtda hind sarmoyasi ishtirokidagi 22 ta investitsiya loyihasini amalga oshirilmoqda.

Muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari Amrillo Inoyatov vazirlik nomidan bir qancha loyiha va kelishuvlar asosida muzokaralar olib bordi.

Hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish doirasida Oʻzbekiston tomoni saʼy-harakatlarni dori vositalari ishlab chiqarishga moʻljallangan qoʻshma loyihalarni tashkil qilishga yoʻnaltirishni taklif etdi. Shuningdek, bugungi kunda bemorlar uchun eng zarur boʻlayotgan tibbiyot yoʻnalishlari, yaʼni jarrohlik, ortopediya va radiologiya yoʻnalishlari boʻyicha oʻzbek mutaxassislari uchun oʻquv kurslarini tashkil qilish muhimligi qayd etildi. Muloqot chogʻida tomonlar barcha kelishuvlarni amaliyotga samarali tatbiq etish yuzasidan konstruktiv muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.

Xususan, Mansuh Mandaviya Hindiston kompaniyalari tomonidan Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan umumiy qiymati 125 million dollarlik 10 ta investitsiya loyihasining amalga oshirilishi haqida maʼlum qildi. U Oʻzbekistonda hind dori vositalarini soddalashtirilgan roʻyxatdan oʻtkazish mexanizmini ishlab chiqishni taklif qildi. Bu esa Hindiston farmatsevtika korxonalarining mamlakatimizdagi investitsiya loyihalari sonini koʻpayishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga vazir Hindiston Milliy farmatsevtika tadqiqot institutida oʻzbekistonlik talabalarning taʼlim olishi uchun grant oʻrinlari ajratishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, Oʻzbekistonda raqamli tibbiyotni, jumladan, teletibbiyot platformasini amalga oshirishda bepul yordam koʻrsatish boʻyicha kelishuvga erishildi. Hindiston tajribasi asosida anʼanaviy tabobat yoʻnalishida, shu jumladan Ayurveda taʼlimotini rivojlantirish borasida hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi.

Shuningdek, vazir Hindistonga davolanish uchun borayotgan Oʻzbekiston fuqarolariga tibbiy xizmat koʻrsatishning yangi mexanizmini joriy etishni taklif qildi. Ushbu tizim “yagona darcha” tamoyili boʻyicha faoliyati olib boradi va akkreditatsiyadan oʻtgan Hindiston tibbiyot muassasalaridan vositachilarsiz ishonchli, yuqori sifatli xizmatlarni olish imkonini beradi. Bundan tashqari, vazir Hindiston Sogʻliqni saqlash vazirligining yuqoridagi mexanizmni qoʻllab-quvvatlash va Oʻzbekiston fuqarolarining Hindiston klinikalarida davolanish jarayonlarini tartibga solish uchun onlayn platformasini ishga tushirish boʻyicha rejalari haqida maʼlumot berdi. Shu munosabat bilan u ikki davlat sogʻliqni saqlash vazirliklari oʻrtasida yangi yaratilgan platforma doirasida oʻzaro hamkorlik algoritmlarini nazarda tutuvchi Memorandum imzolash taklif qilindi. Shuningdek, Hindiston tomoni dori vositalarini arzon narxlarda taklif qiluvchi davlat “ijtimoiy dorixonalar” tizimini yaratish boʻyicha oʻz tajribasi bilan oʻrtoqlashishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, Oʻzbekiston — Hindiston biznes-forumi yakunlari boʻyicha Hindiston bosh vazirining mamlakatimizga tashrifi chogʻida Andijon viloyatida loyiha qiymati 50 million dollar boʻlgan “Cadilla” kompaniyasini tashkil etish, “Medanta” kompaniyasi bilan loyihaning taxminiy qiymati 5 million dollar boʻlgan Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasi hududida zamonaviy tibbiyot klinikasi va qoʻshma taʼlim muassasasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish, loyiha qiymati 30 million dollarni tashkil etuvchi “Appolo Group” kompaniyasi bilan Fargʻona viloyatida robotlashtirilgan jarrohlik texnologiyalari hamda yurak, jigar va buyrak transplantatsiyasi boʻyicha koʻp funksiyali tibbiyot markazini tashkil etish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Yana bir eʼtiborli jihati, mazkur kompaniya Toshkent viloyatida tibbiyot universiteti va klinika tashkil etishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, Osiyo saraton instituti bilan Qashqadaryo viloyatida qiymati 15 million dollarlik 100 oʻringa moʻljallangan zamonaviy onkologiya markazini tashkil etishga ham kelishib olindi.

Bulardan tashqari, Hindistonning “Appolo Group”, “LNCT Group”, “Asian Cancer Institute”, “National Heart Institute” va “Medanta” yetakchi tibbiyot universitetlari va markazlari bilan har yili Oʻzbekistonning 50 nafar tibbiyot xodimi uchun malaka oshirish dasturlarini amalga oshirish, “LNCT Group”, “NEO Institute of Medical Sciences and Technology Ltd”, “People Hive” kabi kompaniyalari bilan esa 2022-2023 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasi tibbiyot oliy oʻquv yurtlariga 5 ming nafar hindistonlik talabalarni yuborish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Muzokaralar yakunlari boʻyicha tomonlar Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining joriy yil sentyabr oyida Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida imzolash maqsadida 2022-2023-yillarga moʻljallangan sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sohasida keng qamrovli hamkorlik dasturini tayyorlashga ham kelishib oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?