Oʻzbekiston urugʻlari Svalbard Butunjahon urugʻ saqlash omboriga topshirildi
Oʻzbekistonning qadimiy va mahalliy ekinlariga oid urugʻ namunalari Norvegiyada joylashgan dunyodagi eng yirik va xavfsiz urugʻ saqlash maskani — Svalbard Butunjahon Urugʻ Saqlash Genbanki (Svalbard Global Seed Vault) ga topshirildi.
Ushbu muhim tashabbus Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining Oʻsimliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) hamda Nordic Genetic Resource Center (NordGen) oʻrtasidagi samarali xalqaro hamkorlik doirasida amalga oshirildi.

Mazkur jarayon Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi ekinlarining genetik xilma-xilligini saqlash, milliy genofondni mustahkamlash va xalqaro miqyosda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarida muhim bosqich boʻldi. Svalbarddagi omborga topshirilgan urugʻlar oʻzbek dehqonchilik madaniyatining bebaho merosi — qadimiy navlar va mahalliy ekotiplarning genetik namunalarini ifodalaydi. Topshirilgan kolleksiya ichida qovun, tarvuz, pomidor, qalampir, baqlajon, sabzi, piyoz va bugʻdoyning 20 dan ortiq mahalliy navlari bor. Ayniqsa, bugʻdoyning mahalliy “Qayroqtosh” navi alohida ahamiyatga ega.
Oʻsimliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti vakillarining taʼkidlashicha, bu tashabbus Oʻzbekistonning oʻsimliklar xilma-xilligini asrab-avaylash, global oziq-ovqat xavfsizligiga hissa qoʻshish va genetik resurslarni kelajak avlodlar uchun saqlab qolish yoʻlidagi qatʼiy pozitsiyasini namoyon etadi.

Svalbard Butunjahon urugʻ ombori Arktika muzliklari bagʻrida joylashgan va -18°C haroratda doimiy ishlaydigan global genbank boʻlib, hozir bu yerda 1,1 milliondan ortiq urugʻ namunalari saqlanmoqda. Ushbu maskan dunyo boʻylab faoliyat yurituvchi gen banklarida mavjud urugʻlarning zaxira nusxalarini uzoq muddatli saqlashni taʼminlaydi. Bunday tizim tabiiy ofatlar, urushlar, moliyaviy inqirozlar yoki texnik nosozliklar tufayli oʻsimlik turlarining yoʻqolib ketish xavfini kamaytiradi va butun dunyo uchun barqaror oziq-ovqat taʼminotini kafolatlaydi. Svalbard Butunjahon urugʻ ombori Norvegiya hukumati, Crop Trust tashkiloti va Nordic Genetic Resource Center (NordGen) oʻrtasidagi uch tomonlama kelishuv asosida boshqariladi.
Oʻzbekistonning Svalbard urugʻ omboriga qoʻshilishi mamlakatning global ilmiy hamjamiyatdagi oʻrni va genetik resurslarni asrash boʻyicha xalqaro majburiyatlariga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi. FAO va NordGen bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ushbu tashabbus nafaqat milliy genofondni mustahkamlash, balki mintaqada barqaror qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga ham xizmat qiladi.

Ushbu qadam — Oʻzbekistonning agrar ilm-fani, tarixiy merosi va global oziq-ovqat xavfsizligiga qoʻshgan amaliy hissasining yorqin ifodasidir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring